O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Prezident Vakillar palatasida uchrashuv o‘tkazdi
2019-12-19 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi uchinchi kuni ushbu mamlakat parlamentining quyi palatasida uchrashuvdan boshlandi.
Davlatimiz rahbari Vakillar palatasi raisi Tadamori Osima bilan O‘zbekiston-Yaponiya parlamentlararo munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Yaponiya parlamentining O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasi faol ishlayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Kunchiqar mamlakatning parlamentarizm sohasidagi tajribasini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar o‘tkazish va o‘zaro almashinuvlarni kengaytirishga kelishib olindi.
Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya parlamenti quyi palatasi spikeriga yurtimizda ilk bor o‘zbek tiliga tarjima qilingan va chop etilgan Yaponiya Konstitutsiyasining birinchi nusxasini sovg‘a qildi.
Shavkat Mirziyoyev Vakillar palatasi majlislari o‘tadigan asosiy zal bilan ham tanishdi.