O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xizmat ko‘rsatish sifati – turizmda muvaffaqiyat asosi
2019-11-26 | Turizm
O‘zbekistonda turizm sohasi jadal sur'atlar bilan rivojlanib, respublika iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlaridan biriga aylanayotgan bugungi kunda sayyohlar uchun ko‘plab sharoitlar yaratilmoqda.
Shunday bo‘lsa-da, respublikadagi barcha mehmonxonalar va sayyohlik agentliklari ham belgilangan standartlarga javob beradi, deb ayta olmaymiz. Ularning ba'zilarida xizmat sifati sayyohlarning ehtiyojini qondira oladigan darajada emas.
Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5-iyundagi “Turoperator va mehmonxona xizmatlarini sertifikatlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Qaroriga muvofiq Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi "Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi" DUK tomonidan doimiy ravishda inspeksiya nazorati olib boriladi.
Tekshiruv o‘tkazish jarayonida aksariyat holatlarda mehmonxonalar berilgan muvofiqlik sertifikatiga to‘g‘ri kelmasligi hamda boshqa qoida buzish holatlari va kamchiliklar aniqlanadi. Servis bo‘yicha choyshablar o‘z vaqtida almashtirilmasligi, vanna va hojatxonalar o‘z vaqtida tozalanmasligi, xonada sochiqlar komplekti yo‘qligi, gilamlar kirligi, tegishli ko‘rsatkichlarning yo‘qligi kabilar shular jumlasidandir.
Xizmat ko‘rsatuvchi personal bilan bog‘liq holat ham ko‘ngildagidek emas, xususan xizmatga yaroqsizlik, tayyorgarlikning yo‘qligi, hech bo‘lmaganda bitta chet tilini bilmaslik, shuningdek, tegishli forma va beyjning yo‘qligi. Bularning barchasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat standartida belgilangan normativ hujjatlar talabini (Oʻz DSt 3220 - “Turizm xizmatlari. Joylashtirish vositalari. Umumiy talablar” va Oʻz DSt 3296 - “Turizm xizmatlari. Mehmonxonalar va o‘xshash joylashtirish vositalari.
Tasniflash tizimi”) yo‘qqa chiqaradi. Ushbu standartlar joylashtirish vositalari va ularda ko‘rsatiladigan xizmatlarga umumiy talablarni belgilaydi, standartlarning me'yor va qoidalari joylashtirish vositalarinig barcha turlari va ularda ko‘rsatilagidan xizmatlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Shu bilan birga, turistik firmalar faoliyatida ham katta kamchiliklar aniqlandi va birinchi navbatda bu - sifatsiz servis. Turfirmalar faoliyatida musulmon davlatlaridan kelgan sayyohlarning talablariga alohida e'tibor qaratilishi lozim. Bundan tashqari, turizm sohasi menejment va marketingi uchun malakali kadrlar, gid-ekskursiyachilarni tayyorlash hamda turistik faoliyat sub'yektlari xodimlarini malakasini oshirish tizinimi tubdan qayta ko‘rib chiqish joiz. Bularning bari eng avvalo joylashtirish vositalari va ovqatlanish joylarida hamda respublika bo‘ylab harakatlanish vaqtida turistik xizmat ko‘rsatishni tashkillashtirishda sayyohlarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga turtki beradi.