Toshkentda 21-noyabr kuni MDHga aʼzo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Unda Armaniston, Belarus, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Oʻzbekiston bojxona xizmati rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalar ishtirok etdi.
Majlis ochilishida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi M.Azimov mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida bojxona sohasini yanada takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning yaqin qoʻshni va uzoq davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdagi ahamiyati haqida soʻz yuritdi.
Majlisda bojxona sohasining turli yoʻnalishlari boʻyicha xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan taklif va tashabbuslar muhokama qilindi.
Tadbirda MDHga aʼzo davlatlar bojxona organlari oʻrtasida transport va tijorat hujjatlariga tushiriladigan bojxona organlarining muhr va shtamplarini oʻzaro taqdim etish tartibi toʻgʻrisida kelishuv, temir yoʻl transportida tashiladigan yuklarning bojxona amaliyotini amalga oshirishda bojxona organlari va temir yoʻl transportida tashuvchilar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikning texnologik yoʻriqnomasi imzolandi.
MDHga aʼzo davlatlar bojxona xizmatlari rahbarlari kengashining Toshkent majlisi doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham tashkil etildi.
Ularda Oʻzbekiston bilan Tojikiston bojxona xizmatlari oʻrtasida bojxona chegaralari orqali olib oʻtilayotgan tovar va transport vositalari haqida oldindan axborot almashinuvini yoʻlga qoʻyishga doir bayonnoma, Oʻzbekiston bilan Ozarbayjon bojxona xizmatlari oʻrtasida bojxona chegaralari orqali harakatlanayotgan tovar va transport vositalari haqida oʻzaro axborot almashinuvining texnik shartlari, Oʻzbekiston bilan Rossiya bojxona xizmatlari oʻrtasida bojxona chegaralari orqali harakatlanayotgan tovar va transport vositalari haqida oʻzaro axborot almashinuvi boʻyicha kelishuvga kiritiladigan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Bojxona instituti va Rossiya Federal bojxona xizmatining Bojxona akademiyasi oʻrtasida 2020-2025-yillarda kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha hamkorlik rejasi tasdiqlandi.
Tadbirda, shuningdek, bojxona sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun bir qator mahalliy va xorijiy delegatsiyalar vakillari kengashning 70-yubiley yigʻilishi munosabati bilan taʼsis etilgan esdalik koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandi.