O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Bir makon, bir yoʻl” loyihasi Oʻzbekiston – Xitoy hamkorligini mustahkamlamoqda
2019-11-22 | Iqtisodiyot
Toshkentda 21-noyabr kuni Oʻzbekiston bilan Xitoyning “Bir makon, bir yoʻl” loyihasi doirasidagi hamkorligiga bagʻishlangan ilmiy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalar izchil rivojlanmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil aprel oyida Pekin shahrida “Bir makon, bir yoʻl“ xalqaro forumi doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan samarali muzokaralari mazkur sohalardagi hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishda muhim omil boʻlmoqda.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasining Strategik hamkorlikni rivojlantirish markazi va Xitoyning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbir ikki davlatning “Bir makon, bir yoʻl“ loyihasi doirasidagi hamkorligiga bagʻishlandi.
Tadbirda investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.Abdualiyev, tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari D.Ahatov, Xitoy Xalq Respublikasi hukumatining Yevroosiyo ishlari boʻyicha maxsus vakili Li Xuey Oʻzbekiston – Xitoy hamkorligi ikki tomon uchun ham samarali kechayotgani, bu xalqlarimizning doʻstona aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilayotganini taʼkidladi.
– Xitoy xalqi qadimdan Buyuk ipak yoʻli orqali Markaziy Osiyo xalqlari bilan oʻzaro savdo-sotiq, madaniy aloqalarni yoʻlga qoʻygan. Prezident Shavkat Mirziyoyev yuritayotgan tashqi siyosat mamlakatlarimizning doʻstona munosabatlarini yangi mazmun bilan boyitdi. Xitoy Oʻzbekistondagi islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi, – dedi Li Xuey.
Xitoy Oʻzbekistonning yirik investitsiyaviy hamkori. Mamlakatimizda Xitoy ishbilarmonlari ishtirokida koʻplab qoʻshma korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda. Mamlakatlarimiz oʻrtasida oʻzaro savdo hajmi yildan-yilga ortmoqda. Ayni paytda Xitoyda ikki mingdan ziyod oʻzbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Ilm-fan, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi va boshqa koʻplab sohalarda hamkorlik tobora kengaymoqda. Turli darajadagi delegatsiyalar almashuvlari boʻlib turibdi.
Konferensiyada “Bir makon, bir yoʻl” loyihasi doirasidagi hamkorlik davlatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Saidmurod RAHIMOV.