O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Mamlakatimizda Qozog‘iston tibbiyoti kunlari ochildi
2019-11-21 | Sog‘liqni saqlash
Poytaxtimizdagi «International Hotel Tashkent» mehmonxonasida Qozog‘iston tibbiyoti kunlari ochildi. Ushbu tadbir mamlakatimizda Qozog‘iston yili doirasida tashkil etilmoqdi. Unda Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri, tibbiyot fanlari doktori Yeljan Birtanov boshchiligidagi delegatsiya ham qatnashmoqda.
Ta’kidlash joizki, 2018-yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilinishi ikki tomonlama munosabatlarga yangi sur’at, sifat va mazmun bag‘ishladi. Natijada qo‘shni mamlakat bilan tibbiyot, madaniyat, san’at, adabiyot, fan, turizm va boshqa ko‘plab sohalarda izchil hamkorlik olib borilmoqda. Bunday do‘stona tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida 2019-yil O‘zbekistonda Qozog‘iston yili deb e’lon qilindi.
Joriy yilning avgust oyida Qozog‘iston Respublikasi delegatsiyasi mamlakatimizga tashrif buyurib, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda birlamchi tibbiy yordam, majburiy tibbiy sug‘urta, tibbiy yordamni raqamlashtirish va tibbiy turizmni rivojlantirish masalalari keng muhokama qilindi. Shuningdek, ushbu muloqotda joriy yil noyabr oyida O‘zbekistonda Qozog‘iston yili doirasida Qozog‘iston tibbiyot kunlarini o‘tkazishga kelishib olingan edi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik yil sayin rivojlanib bormoqda. Xususan, farmasevtika sanoatini rivojlantirish borasida muayyan kelishuvlarga erishildi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika sanoatini rivojlantirish agentligi “O‘zbek farmasevtika mahsulotlarini Qozog‘istonda «in-bulk» tamoyili asosida ishlab chiqarish” loyihasini ishlab chiqmoqda. Shuningdek, yurtimizdagi «Dentafill plyus» xususiy korxonasi Qozog‘istonning “Antustik” industrial iqtisodiy zonasi ma’muriyati bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi.
Har yili hamkorlikda tibbiyot sohasidagi oliy o‘quv yurtlari shifokorlari va talabalari uchun bir qator dasturlar ham amalga oshirilmoqda. Tibbiyotning yuqori malakali mutaxassislari ishtirokida tajriba almashish doirasida o‘zaro o‘quv safarlari tashkil etilayapti.
Qozog‘iston tibbiyot kunlari doirasida ushbu mamlakat delegatsiyasining sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi qiziqarli taqdimotlari bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur delegatsiya tarkibiga neyroxirurgiya, bolalar kardiojarrohligi, ginekologiya, nevrologiya, reproduktologiya, urologiya, travmatologiya va ortopediya, terapiya va hujayra texnologiyasi, yadroviy tibbiyot va radiatsiya diagnostikasi, buyrak va jigar transplantatsiyasi kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar, shuningdek, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari hamda farmasevtika kompaniyalari rahbarlari tashrif buyurishgan.
Mamlakatimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarining faoliyati va yutuqlari aks etgan stentlar esa mehmonlarda katta taassurot qoldirmoqda.
Tadbir doirasidagi bo‘lib o‘tadigan sessiyalar davomida ikki mamlakat mutaxassislari tibbiyotning turli sohalarida yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy xizmatlarni joriy etish, bu borada zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish, farmasevtika sanoatini rivojlantirish va dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari sifatini yaxshilash masalalarini atroflicha muhokama qiladilar.
Har ikki davlatning tibbiyot oliy o‘quv yurtlari, ilmiy va ixtisoslashgan tibbiyot markazlari o‘rtasida qator memorandumlarni imzolash marosimi ushbu tadbirning muhim voqealaridan biri bo‘lishi shubhasiz. Ushbu hamkorlik kelgusida shifokor va talabalarning o‘zaro tajriba almashishi, tibbiyot sohasida diagnostika va davolashning innovatsion usullarini joriy etishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga yordam beradi.
Qozog‘iston tibbiyoti kunlari doirasida delegatsiya a’zolari mamlakatimizdagi tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida bo‘lib, o‘quv jarayoni, yurtimizda kasalliklarning oldini olish, tashxislash va davolashning zamonaviy innovatsion usullarning qo‘llanilishi bilan yaqin tanishishlari ham rejalashtirilgan.
Qozog‘iston tibbiyoti kunlari 22-noyabrga qadar davom etadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.