O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan Finlandiya maktab va maktabdan tashqari ta’lim markazlari faoliyati o‘rganildi
2019-11-15 | Ta’lim
Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” xodimlari ishchi tashrif bilan 4-8-noyabr kunlari Finlandiyada bo‘ldi.
Dastlab, Finlandiya milliy ta’lim agentligi rahbariyati vakili Leo Paxkin bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda Finlandiya ta’lim tizimidan o‘rganish mumkin bo‘lgan jihatlar muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston xalq ta’limi tizimi va markaz faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Tashrif davomida Finlandiya maktab va maktabdan tashqari ta’lim markazlari faoliyati o‘rganildi. Jumladan, maktabdagi STEAM fanlarini o‘qitishning innovatsion yondashuvi bilan tanishildi. Ta’lim innovatsiyalari ko‘rgazmasida ishtirok etib, yangicha fikrlashga o‘rgatuvchi Futures Laboratoriyga tashrif uyushtirildi.
Delegatsiya 6-8 noyabr kunlari ta’lim innovatsiyalari bo‘yicha dunyodagi eng nufuzli tadbirlardan hisoblangan HundrED Innovation sammitida ishtirok etdi. Finlandiya ta’lim vaziri Li Andersson va Helsinki shahri meri Yan Vapaavuori ochib bergan sammitda butun dunyodan kelgan ta’lim innovatorlari o‘z loyihalari bo‘yicha taqdimotlari bilan qatnashdi. Sammit tadbirlari Espoo shahridagi Nokia Exectuive Experience Center’da va Helsinkidagi dunyoga mashhur Oodi kutubxonasida bo‘lib o‘tdi.
Sammit doirasida dunyo bo‘ylab ta’lim sohasidagi 2019 yilning eng yaxshi 100 ta innovatsiyasi taqdimoti o‘tkazildi. Shu bilan birga, notijorat tashkilotlar uchun ta’lim innovatsiyalarini moliyalashtirish imkoniyatlari bo‘yicha yetakchi donorlar tomonidan tushuntirishlar berildi. Jumladan, mashhur LEGO kompaniyasining maxsus jamg‘armasi rahbarining Learning through playing dasturi bo‘yicha taqdimoti ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, Qatar International Foundation, The Economist Foundation, Emerge Education kabi jamg‘armalar vakillari o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdi.
Tashrif davomida Finlandiya milliy ta’lim agentligi, shuningdek butun dunyodan kelgan ta’lim innovatorlari bilan aloqalar o‘rnatildi. Finlandiya ta’lim tizimidan o‘rganiladigan jihatlar va dunyoning joriy yildagi eng yaxshi ta’lim innovatsiyalari borasida batafsil ma’lumotlar to‘plandi. Hozirda ularni joriy qilish imkoniyatlari o‘rganib chiqilmoqda.