O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili bilan uchrashuv
2019-11-13 | Siyosat
2019-yilning 12-noyabr kuni Belgiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevropa Ittifoqi Komissiyasi vitse-prezidenti Federika Mogerini bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar joriy yilda hamkorlik faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Xususan, bir qator ikki tomonlama tadbirlar bo‘lib o‘tdi, jumladan, adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va unga oid masalalar, rivojlanish masalalari bo‘yicha “O‘zbekiston-YI” kichik qo‘mitalari va “O‘zbekiston-YI” Hamkorlik kengashining majlislari o‘tkazildi. YI Kengashining Siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mitasi a’zolarining Toshkent shahriga tashrifi, shuningdek, Brussel shahrida “O‘zbekiston-YI” parlament hamkorligi qo‘mitasining navbatdagi majlisini o‘tkazish kutilmoqda.
Muzokaralar davomida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KShHB) matnini tezroq tasdiqlash zarurligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsion munosabatlarni yanada kengaytirishga alohida ahamiyat qaratiladi, bu esa mamlakat hayotining barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarga ham ko‘maklashadi.
Uchrashuvda xavfsizlik sohasidagi hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi va kelgusi yili siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi “Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo” muloqoti majlisini o‘tkazishga tayyorlik izhor etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Orol dengizi fojiyasining salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha mamlakatda qat’iy choralar ko‘rilayotganini ta’kidladi va Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondi va O‘zbekistondagi boshqa ekologik loyihalarni Yevropa Ittifoqi qo‘llab-quvvatlayotganidan mamnunligini bildirdi.
Muzokarada tomonlarni qiziqtirgan boshqa dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.