O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Maktablarda taʼlim sifatini oshirish – ustuvor vazifa

2019-11-07 | Ta’lim

Oʼzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi mamlakatimiz maktablarida taʼlim sifatini oshirish boʼyicha ustuvor vazifalarni belgilab olgan va bu yoʼnalishda amaliy ishlar boshlandi.

Eslatib oʼtamiz, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida 23 avgust kuni xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʼishlangan videoselektor yigʼilishi boʼlib oʼtdi.

Videoselektor yigʼilishida mahalliy hokimliklar maktab infratuzilmasini yaxshilash, kommunal xizmatlarning uzluksizligini taʼminlash, oʼquv yili va kuz-qish mavsumiga tayyorlash kabi masalalarga masʼulligi belgilandi.

Xalq taʼlimi vazirligi esa maktablarda taʼlim sifatini oshirish, taʼlim muassasalarini malakali kadrlar bilan taʼminlash, oʼqituvchi mavqeini oshirish, oʼquv dasturi va darsliklar mazmunini takomillashtirish vazifalari topshirildi. Shu bilan birga xalqaro taʼlim dasturlarining (STEAM) ijobiy natijalarini oʼrgangan holda milliy taʼlim dasturlarini yaratish, xalqaro baholash dasturlarini (PISA va PIRLS -2021) tatbiq etish belgilab berildi.

Oʼzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi taʼlim sifatini oshirish boʼyicha qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Taʼlim sifatini baholash tizimini yaratish

Birinchidan, vazirlik mamlakatimizda taʼlim sifatini baholash tizimini oʼrganib chiqdi. Oʼrganish natijalari shuni koʼrsatdiki, shu paytgacha taʼlim tizimi sifati va yagona yondashuvga asoslangan real holatni baholovchi tizim boʼlmagan. Shu bois taʼlim sifatini aniqlash uchun bir necha tashqi manbalar maʼlumoti oʼrganilib, xalqaro tajribalar amaliyotga joriy etilgan holda shaffof hamda obʼektiv baholash mezonlari yaratilmoqda.

Shuningdek, maktab bitiruvchilarining 2019-yilda oliy taʼlim muassasalariga kirish koʼrsatkichlari tahlil qilindi. Tahlil natijalariga koʼra 2 mingdan ziyod maktabning bironta oʼquvchisi oliy oʼquv yurtiga kira olmaganligi aniqlandi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi tomonidan bu yil ilk bor maktablar reytingi eʼlon qilindi. Reyting pedagoglar salohiyati, 9-sinf oʼquvchilari bilim darajasi, bitiruvchilarning OTMlarga kirish koʼrsatkichlari va ijtimoiy soʼrovnomalarga asoslandi.

2020-yilda АQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan birgalikda boshlangʼich sinf (2- va 4-sinf) oʼquvchilari oʼrtasida oʼqish (EGRA) va matematika (EGMA) savodxonligi boʼyicha xalqaro baholash oʼtkaziladi. Hozirgi kunda baholashni oʼtkazish boʼyicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

2021-yilda oʼquvchilar bilimi PISA va PIRLS xalqaro baholash dasturlari asosida aniqlanadi. Mazkur xalqaro baholash dasturlari mamlakatimiz taʼlim tizimini boshqa davlatlar bilan solishtirish va kamchiliklarini aniqlashga koʼmak beradi.

Joriy yilning oktyabrь oyida Sirdaryo viloyatida taʼlim sifatini baholash va viloyatni taʼlim sifati boʼyicha namunali hududga aylantirish boʼyicha amaliy ishlar boshlandi. Tajriba doirasida oʼqituvchilar va oʼquvchilarning bilimlari baholandi.

Bitiruvchilari oliy taʼlim muassasalarga kirmagan maktablar (2000 dan ortiq) birinchi navbatda davlat attestatsiyasi va akkreditatsiyasidan oʼtkazish rejalashtirildi.

Pedagog va rahbarlarning uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini yaratish

23 avgustdagi videoselektorda oʼqituvchi va murabbiylarning oʼzi ham bilim va saviyasini oshirish, jamoat ishlarida faol ishtirok etish, halol mehnati va tashabbuskorligi bilan bu kasbning obroʼsini oshirishi kerakligiga urgʼu berildi. Shu bilan birgalikda, ayrim pedagog xodimlarning bilim va malakasi bugungi zamon talablariga javob bermasligi hamda oʼqituvchilarning bilim va saviyasini yuksaltirishda malaka oshirish tizimining oʼrni sezilmas yigʼilishda tanqid qilib oʼtildi. 

Shu bois, “Xalq taʼlimi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi toʼgʼrisida” Prezident qarori loyihasi tayyorlanib, keng muhokamaga qoʼyildi. Unda uzluksiz malaka oshirish tizimini amaliyotga joriy etish boʼyicha quyidagilar belgilandi:

a) Xalqaro andozalarga asoslanib xalq taʼlimi tizimidagi pedagoglarning kompetentsiyalari darajasini belgilovchi yagona kasbiy standart va baholash tizimini ishlab chiqish;

b) umumtaʼlim maktablarida pedagogik faoliyat yuritish huquqini berish boʼyicha kasbiy litsenziyalash (sertifikatlash) mexanizmlarini ishlab chiqish hamda uni bosqichma-bosqich joriy etish;

v) xalq taʼlimi xodimlarining mustaqil ravishda malaka oshirishlarini qoʼllab-quvvatlash va ularning kasbiy ehtiyojlarini eʼtiborga olish imkoniyatini beradigan malaka oshirishning kredit-modul tizimini joriy etish;

g) amaldagi metodist lavozimini tugatgan holda oʼqituvchilarning kasbiy faoliyatini doimiy rivojlantirish va qoʼllab-quvvatlash uchun “mentor” lavozimini joriy etish. Mentorlikka tajribali oliy toifali oʼqituvchilar va yuqori malakali kadrlarni jalb etish hamda ularning oyligini oliy toifali oʼqituvchilarga nisbatan 1,35 baravar koʼproq etib belgilash;

d) А.Аvloniy nomidagi Xalq taʼlimi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti negizida А.Аvloniy nomidagi Xalq taʼlimi akademiyasini hamda Xalq taʼlimi vazirligi tasarrufidagi hududiy xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlari negizida Pedagogik mahorat institutlarini tashkil etish;

ye) Аkademiyada malakali va iqtidorli amaliyotchi pedagoglar tarkibidan yangi zamon taʼlim boshqaruvchilarini tayyorlash maqsadida tashkil etiladigan “Taʼlim menejmenti” mutaxassisligi boʼyicha 1 yillik va va “Kattalar taʼlimi” mutaxassisligi boʼyicha 2 yillik magistraturalar tashkil etish kabi masalalar taklif etildi.

Kasbiy litsenziya tizimini joriy etish

Ushbu qaror loyihasi bilan oʼqituvchilar uchun kasbiy litsenziya tizimini joriy etish taklif etilmoqda. “Oʼzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasi”da umumtaʼlim muassasalari oʼqituvchilari va maktab direktorlarini zamonaviy malaka talablari asosida sinovdan oʼtkazib, ularning faoliyatini litsenziyalash belgilangan. Shu bois, uni amaliyotga joriy etish taklif etilmoqda. Kontseptsiyaga muvofiq litsenziyalash bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda jami oʼqituvchilar soniga nisbatan kasbiy litsenziyaga ega oʼqituvchilarni 2021-yilda 5 foizga, 2030-yilda 20 foizga yetkazish belgilangan.

Taʼkidlash joizki, kasbiy litsenziyalash amaliyoti Buyuk Britaniya, АQSh, BАА, Koreya, Finlyandiya va Yaponiya kabi mamlakatlarda samarali joriy qilingan.

Hozirda xalq taʼlimi tizimidagi 466 462 nafar oʼqituvchidan 3,1 foizi oliy malaka, 14,6 foizi birinchi malaka, 29,4 foizi ikkinchi malaka toifasiga ega. Qolgan 52,9 foiz oʼqituvchi toifaga ega emas (!).

Kasbiy litsenziya rahbarlar uchun 3 yilga, oʼqituvchilar uchun esa 5 yilga amal qilib, dastlabki bosqichda toifaga ega boʼlgan oʼqituvchilardan, keyinchalik toifaga ega boʼlmagan oʼqituvchilardan talab etiladi.

Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasida belgilangan oʼqituvchilar ish haqining bosqichma-bosqich oshirilishi faqatgina kasbiy litsenziyaga ega boʼlgan pedagog kadrlarga tatbiq etilib, oʼqituvchilarni oʼz ustida ishlashga undaydi.

Kasbiy litsenziyani joriy etish maqsadi va ahamiyati yuzasidan keng jamoatchilik orasida tushuntirish ishlari davom ettirilmoqda. Yakuniy loyiha jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda takomillashtiriladi.

Toshkent tajribasi

Taʼlim sifatini oshirish maqsadida “Toshkent tajribasi”ni joriy etish ham taklif etilmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 23-avgust kuni kengaytirilgan tarzda oʼtkazilgan yigʼilishda taʼlim sifatini oshirish, xususan, poytaxt Toshkent tajribasini respublikaning boshqa hududlarida ommalashtirish yuzasidan bergan topshirigʼiga asosan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlandi. Mazkur hujjat ham ayni kunda jamoatchilik tomonidan muhokama etilmoqda.

Loyihada quyidagi vazifalar belgilanmoqda:

1) oliy taʼlim muassasalari bilan umumiy oʼrta taʼlim muassasalari oʼrtasidagi hamkorlikni izchil yoʼlga qoʼyish orqali pedagog kadrlar tajribasi, salohiyatini oshirish;

2) Toshkent shahridagi umumiy oʼrta taʼlim muassasalarini toʼliq yuqori malakali oliy maʼlumotli pedagog kadrlar bilan taʼminlash;

3) oliy taʼlim muassasalaridagi chet tili kafedralarining professor oʼqituvchilarini maktablarga biriktirish orqali maktablarda faoliyat koʼrsatayotgan ingliz tili oʼqituvchilarining barchasini C1-CEFR darajasiga olib chiqish;

4) umumiy oʼrta taʼlim muassasalarida bosqichma-bosqich yoshlarning axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasi boʼyicha bilim va koʼnikmalarini oshirishga qaratilgan “IT-Nation” loyihasini amalga oshirish;

5) oʼquvchilarda fundamental bilimlarni amaliy tajribalar asosida mustahkamlashga, ularni ilmiy ijodkorlik va mustaqil tadqiqotlarga yoʼnaltirishga qaratilgan STEAM laboratoriya markazlarini tashkil etish;

6) umumiy oʼrta taʼlim maktablari oʼquvchilarining xalqaro baholash tadqiqotlariga (PISA, PIRLS, TIMSS) tayyorlash ishlarini yanada kuchaytirish;

7) 2019-2020 oʼquv yilidan boshlab inklyuziv taʼlimga jalb qilingan oʼquvchilar mavjud boʼlgan barcha boshlangʼich sinflarga “assistent oʼqituvchi” lavozimini joriy etish;

8) umumiy oʼrta taʼlim maktablari oʼquvchilarini xalqaro fan olimpiadalari va musobaqalariga tayyorlashga ixtisoslashtirilgan Xalqaro fan olimpiadalari zaxirasi maktabini tashkil etish;

9) 2020-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahri xalq taʼlimi xodimlari mehnatini qoʼshimcha ragʼbatlantirish maqsadida mahalliy byudjet mablagʼlari hisobidan oylik maoshlarini oshirish choralarini koʼrish nazarda tutilgan.

Mazkur tajriba ijobiy natija bersa, uni mamlakatimizning boshqa hududlariga ham joriy etish rejalashtirilgan.

Taʼlim dasturlari va darsliklarni takomillashtirish

Taʼlim sifatini yaxshilash va oʼquvchilarning zamonaviy bilim olishi uchun Xalq taʼlimi vazirligi ilgʼor xorijiy tajriba asosida zamonaviy milliy taʼlim dasturini yaratish boʼyicha ish olib bormoqda. Milliy taʼlim dasturi asosida zamonaviy dizayn va mazmunga ega darsliklar bosqichma-bosqich ishlab chiqiladi. Bu yoʼnalishda STEAM fanlarini oʼqitish boʼyicha Prezident maktablari tajribasini yoyish rejalashtirilgan.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti topshirigʼiga koʼra, umumtaʼlim maktablarida “Tarbiya” fanini joriy etish rejalashtirilgan. Bu ham 23 avgustdagi videoselektorda maktablardagi maʼnaviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha tashkil etish, “Milliy gʼoya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuygʼusi” kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona “Tarbiya” fanini joriy qilish topshirigʼiga asoslanadi.

Maktablarimizda oʼzbek tilini oʼqitish sifatini oshirish, oʼquv dasturlari va darsliklarni takomillashtirish boʼyicha ham islohotlar olib boriladi. Jumladan, oʼzbek tilini bilish darajasini baholash uchun 4 ta (eshitish, oʼqish, yozish va suhbatlashish) koʼnikmasiga asoslangan milliy baholash tizimini yaratish rejalashtirilmoqda.

Oʼzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi mamlakatdagi barcha maktab oʼquvchilarining sifatli taʼlim olishi uchun «Elektron taʼlim» loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Поделиться