O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston va Xitoy maktablarda ta’lim sifatini oshirish maqsadida «Elektron ta’lim» loyihalarini amalga oshiradi
2019-11-04 | Ta’lim
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi mamlakatdagi barcha maktab o‘quvchilarining yuqori sifatli ta’lim olishi uchun «Elektron ta’lim» loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Hozirgi kunda aksariyat maktablarda yuqori bilimli va malakali o‘qituvchilar yetishmasligini hisobga olsak, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etilishi o‘qituvchi va o‘quvchilarning zamonaviy o‘quv- metodik materiallarni olish imkoniyatini taqdim etadi.
Shu munosabati bilan, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyanning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Xalq ta’limi vazirligi Xitoyning ZTE va Huawei kompaniyalari bilan “Xalq ta’lmi tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish” loyihalarini amalga oshirish uchun kelishuvlarni imzoladi.
Kelishuvlar doirasida xitoylik kompaniyalar o‘z hisoblaridan bir necha maktablarda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshiradi. Loyiha natijalariga ko‘ra, joriy etilgan texnologiyalarning ta’lim sifatini oshirishdagi va maktab boshqaruv tizimidagi samaradorligi o‘rganib chiqiladi.
Loyihalar ijobiy natija ko‘rsatsa tomonlar Xitoy moliya tashkilotlaridan mablag‘ jalb qilgan holda axborot texnologiyalarini bosqichma bosqich joriy etish masalalarini o‘rganib chiqadi.
Pilot loyihalar doirasida tomonlar kompyuter xonalarini jihozlash, video kuzatuv tizimini, ma’lumot almashish tarmog‘i uchun infratuzilma yaratish kabi boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham hamkorlik qiladi. Sinflarning monitoring tizimini yaratish loyihaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. Bu tizim maktab xavfsizligini ta’minlash bilan birga o‘quvchilarning davomati va o‘qituvchilarning faoliyatini monitoring qilish imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga tomonlar tizimning barqaror ishlashini ta’minlash masalalariga katta ahamiyat beradi.
Bundan tashkari, o‘zbekistonlik mutaxassislar Xitoyning maktablarda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ilg‘or tajribasini o‘rganishlari kutilmoqda.