Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida “INFOLIB UZBEKISTAN – 2019” VIII Milliy axborot-kutubxona haftaligi boshlandi.
Haftalik ochilishiga bagʻishlangan tadbirda turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari vakillari, axborot-kutubxona tizimi mutasaddilari, talaba-yoshlar, oʻqituvchilar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bosh direktori oʻrinbosari Gʻ.Bozorov, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi S.Sayyid, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari M.Mirzo, YUNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari F.Pashayev, Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi direktori U.Teshaboyeva kitobxonlik rivoji yoʻlida koʻrsatilayotgan ulkan eʼtibor yoshlarning maʼnaviyatini yuksaltirishga xizmat qilayotganini taʼkidladi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirishga, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga davlat siyosati darajasida eʼtibor qaratilmoqda. Kutubxonalar, axborot-resurs markazlari faoliyatini zamon bilan hamnafas tarzda yoʻlga qoʻyish, ularning kitob zaxirasini boyitish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.
Mazkur haftalik ham Prezidentimizning 2017-yil 13-sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida“gi, 2019-yil 7-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida“gi qarorlari ijrosini taʼminlash, shuningdek, davlatimiz rahbarining yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish yuzasidan ilgari surgan beshta muhim tashabbusi ijrosi boʻyicha tashkil etildi.
– Kitobning sehri, uning jozibasini hech narsa bilan tenglashtirib boʻlmaydi, – dedi Jizzax shahridagi 19-umumtaʼlim maktabi kutubxonachisi Dildora Toshtemirova. – Prezidentimizning kitob targʻibotini kuchaytirishga oid tashabbuslari bizga yanada koʻproq ilhom bermoqda. Oʻquvchilarning oʻzi mutolaa qilgan kitoblarini qayd etish maqsadida maxsus daftar yuritishi, oʻzaro kitob almashish, ularning qanday adabiyotlarni koʻproq oʻqishiga intilishini kuzatish yuzasidan doimiy ish olib bormoqdamiz. Bunday haftaliklar kutubxona faoliyatiga doir yaxshi tajribalarni oʻzlashtirish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.
“INFOLIB UZBEKISTAN – 2019” haftaligi “Kutubxonachilik sohasidagi islohotlar – yangi davr kutubxonasi“, “Maktab oʻquvchisining axborot madaniyati“ mavzularidagi anjumanlar, yangi kitoblar taqdimoti va boshqa maʼrifiy tadbirlar bilan davom etmoqda.
N.USMONOVA, OʻzA