O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Rim shahrida shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirish masalalari muhokama qilindi
2019-10-24 | Siyosat
2019-yilning 22-23-oktabr kunlari Rim shahrida O‘zbekiston-Italiya munosabatlarining shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish va uni inventarizatsiya qilish bo‘yicha tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Italiya Respublikasi TIV delegatsiyasiga Rossiya, Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo mamlakarlari bilan hamkorlik departamenti direktori Fabrisio di Mishel hamda huquqiy xizmat direktori o‘rinbosari Paskal Velotti boshchilik qildilar.
Turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlik shartnomaviy-huquqiy asosining hozirgi holati va uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan bitimlar va xalqaro shartnoma maqomiga ega bo‘lmagan boshqa hujjatlarning huquqiy holatiga aniqlik kiritildi.
Maslahatlashuvlar doirasida Italiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi va Moliya vazirligining yuqori mansabdor shaxslari ishtirokida investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish va rag‘batlantirish to‘g‘risidagi yangi hukumatlararo bitim loyihasi bo‘yicha alohida muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiyalar, shuningdek, Ikkiyoqlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risidagi konvensiyaga Bayonnoma va Jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnoma loyihalarini imzolashga tayyorlashga kelishib oldilar.