O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti Vengriya Bosh vazirini qabul qildi
2019-10-15 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Turkiy kengashning Bokudagi sammiti doirasida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Vengriya hukumati rahbari Prezidentimizni O‘zbekistonning kengashga qo‘shilgani bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tashkilot doirasida hamkorlikni rivojlantirish mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Suhbat chog‘ida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy va madaniy-gumanitar sohalardagi sheriklik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Amaliy hamkorlikka oid, avvalo qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, sanoat, farmatsevtika, turizm va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surishda ikki tomonlama Hukumatlararo komissiyasining uchrashuvlarini muntazam tashkil etish muhimligi qayd etildi.
Xalqaro ahamiyatga molik, jumladan O‘zbekiston-EI yo‘nalishidagi sheriklikning dolzarb masalalari ham ko‘rib chiqildi.