O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston – Koreya: savdo-iqtisodiy, sogʻliqni saqlash sohalarida hamkorlik

2019-09-26 | Iqtisodiyot

Koreya Respublikasining savdo, sanoat va energetika vaziri oʻrinbosari Kim Yong Re va Koreya importchilari assotsiatsiyasi raisi Xong Kvang-xi boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda boʻlib turibdi.

Tashrif doirasida Toshkentda 25-sentabr kuni mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini Koreya bozorlariga eksport qilishni yanada takomillashtirishga doir masalalalar muhokamasiga bagʻishlangan Oʻzbekiston – Koreya biznes forumi va kooperatsion birjasi tashkil etildi.
 
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, mahalliy kompaniyalar vakillari, shuningdek, Koreyaning qurilish, sogʻliqni saqlash, turizm kabi sohalarda faoliyat olib borayotgan 10 dan ziyod yetakchi kompaniyalari mutasaddilari ishtirok etdi.
 
Fourm ochilishida Oʻzbekistonda iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar yuqori baholandi. Koreya Oʻzbekiston bilan keng koʻlamli eksport-import jarayonlarini kengaytirishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.
 
– Tashrif doirasida Oʻzbekiston bilan hamkorlik sohalarini kengaytirish maqsadida mahalliy ishbilarmon doira vakillari bilan muzokaralar olib borishni rejalashtirganmiz, – dedi Xong Kvang-xi. – Bugungi forum mazkur masalalarni muhokama qilish uchun qulay platformadir. Bu kabi uchrshuvlar savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash boʻyicha yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga xizmat qiladi.
 
Oʻzbekiston bilan Koreya oʻrtasida savdo-iqtisodiy munosabatlar jadal rivojlanmoqda. Bunda ikki mamlakat oʻrtasida turli darajadagi tashriflar faollashib borayotgani muhim oʻrin tutmoqda.
 
Tashkil etilayotgan biznes-forum va kooperatsion birjalarda iqtisodiy hamkorlikni yangi loyihalar, shartnoma va bitimlar hisobiga boyitish imkoni tugʻilmoqda. 2019-yilning yanvar-aprel oylarida Oʻzbekiston bilan Koreya oʻrtasida oʻzaro tovar aylanmasi hajmi 913 million dollardan ziyodni tashkil qildi.
 
Tadbirda bu kabi koʻrsatkichlar ikki mamlakat salohiyatini toʻliq aks ettirmasligi qayd etildi. Oʻzaro savdo hajmini oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
 
Koreya importchilari assotsiatsiyasi elektron maʼlumotlar bazasi imkoniyatlari, Koreyaga eksport qilish qoidalari haqida taqdimotlar namoyish etildi. Oʻz navbatida, koreyalik ishtirokchilarga mamlakatimiz investitsiya va eksport salohiyati, mahalliy eksportchi kompaniyalar imkoniyatlari haqida maʼlumotlar taqdim etildi.
 
Tadbir yakunida tomonlar elektron savdo maydonchasini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishdi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan Koreya importchilari assotsiatsiyasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.
 
Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya aʼzolari raqamli sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha Oʻzbekiston – Koreya hamkorligi forumida qatnashdi.
 
Davlatimiz rahbarining 2017-yil noyabr oyida Koreya Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi doirasida koʻplab sohalar qatori sogʻliqni saqlash yoʻnalishi boʻyicha ham kelishuvlarga erishilgandi. Bugungi kunda ushbu kelishuvlar ijrosi doirasida Fargʻona shahrida rentgen uskunalarini ishlab chiqarish boʻyicha yangi korxona ish boshladi. Buxoro shahrida Koreya klinikasini tashkil etish ishlari yakunlandi. Koreyaning Seul, Inha universitetlari kabi qator oliy taʼlim muassasalarining tibbiyotga doir dasturlari ishga tushirildi. Toshkent shahrida Koreyaning koʻp tarmoqli bolalar klinikasini bunyod etish ishlari davom etmoqda. Shuningdek, Koreya tajribasidan foydalangan holda, Oʻzbekistonda raqamli tibbiyotni rivojlantirish ishlari amalga oshirilmoqda.
 
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov, Koreya Respublikasi sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot vazirligining global sogʻliqni saqlash boʻyicha bosh direktori Kim Xeseon raqamli tibbiyot sohasida Janubiy Koreya imkoniyatlari va Oʻzbekistonning ushbu yoʻnalishga katta qiziqishi tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash barobarida aholi turmush darajasini yuksaltirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
 
Forum sessiyalarida raqamli sogʻliqni saqlash sohasi boʻyicha Koreya tajribasi, oʻzaro hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
 
Oʻzbekiston bilan Koreya oʻrtasida elektron sogʻliqni saqlash boʻyicha harakatlar rejasi tasdiqlandi.
 
Shu kuni Koreya Respublikasi Prezidentining joriy yil aprel oyida mamlakatimizga tashrifi yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni roʻyobga chiqarish boʻyicha ishchi guruhning navbatdagi majlisi oʻtkazildi.
 
Majlisga Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari Laziz Qudratov hamda Koreya Respublikasining savdo, sanoat va energetika vaziri oʻrinbosari Kim Yong Re hamraislik qildi.
 
Unda ishchi guruhning 2019-yil iyun oyida Seulda oʻtgan majlisi natijalari, investitsiya sohasida oʻzaro hamkorlikning joriy holati va ustuvor yoʻnalishlari tahlil qilindi.
 
Investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish, Koreya moliya institutlari bilan hamkorlik dasturini amalga oshirish, “Angren” erkin iqtisodiy zonasida Koreyaning ”Inchxon" erkin iqtisodiy zonasi filialini tashkil etish imkoniyatlari, erkin savdo maydonchasini yaratish loyihalari, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika va raqamli tibbiyot sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
 

Malohat HUSANOVA, OʻzA

Поделиться