O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oʻzbekiston – Hindiston: xavfsizlik sohasida maslahatlashuv

2019-09-25 | Xavfsizlik sohasi

Toshkentda 24-sentabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi apparati va Hindiston Respublikasi Milliy xavfsizlik kengashi oʻrtasida maslahatlashuv boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibi V.Maxmudov va Hindiston Bosh vaziri maslahatchisining milliy xavfsizlik boʻyicha oʻrinbosari P.Saran raisligida oʻtgan majlisda keyingi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli va uzoq muddatli strategik sheriklik yuqori darajaga koʻtarilgani alohida qayd etildi.
 
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining saʼy-harakatlari bilan mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni har tomonlama chuqurlashtirish uchun mustahkam poydevor qoʻyildi. Bu har ikki tomonga xalqaro miqyosdagi umumiy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda yaqindan hamkorlik qilish imkonini bermoqda.
 
Muloqotda tomonlar mintaqaviy xavfsizlikka nisbatan xalqaro terrorizm va ekstremizm, separatizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi va boshqa xatarlar natijasida yuzaga kelayotgan, borgan sari oʻsib borayotgan tahdidlarga qarshi birgalikda harakatlanish boʻyicha ikki va koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanini tasdiqladi.
 
Maslahatlashuvning Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari mintaqaviy xavfsizligi, tinchligi, barqaror rivojlanishini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega ekani alohida qayd etildi.
 
Tadbirda axborot xavfsizligi, harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlikni mustahkamlash, giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasi va odam savdosi sohasidagi transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashishning amaliy mexanizmlarini takomilashtirish, Afgʻonistonda yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqib, Markaziy va Janubiy Osiyoda xavfsizlikni taʼminlash masalalari koʻrib chiqildi.
 
Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni takomilashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlib chiqildi. Oʻzaro munosabatlarni rivojlantirishda erishilgan yuqori surʼatni saqlash va foydalanilmagan imkoniyatlar hisobiga hamkorlikni yanada jadallashtirish muhimligi taʼkidlandi.
 
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi apparati va Hindiston Respublikasi Milliy xavfsizlik kengashi oʻrtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi ikki tomonlama maslahatlashuv protokoli imzolandi.
 

Gʻ.XONNAZAROV, OʻzA

Поделиться