O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Do‘stligimiz, ahilligimiz ramzi
2019-09-19 | Madaniyat
O‘zbekistonda Tatariston Respublikasi madaniyati kunlari doirasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida ikki xalq san’ati ustalarining kontsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda Tatariston Respublikasi madaniyati kunlarining tantanali ochilishiga start bergan ushbu fayzli oqshomga turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari, milliy madaniyat markazlarining vakillari taklif etildi.
Kechada ta’kidlanganidek, o‘zbek va tatar xalqlari azaldan umumiy tarix, an’ana va milliy urf-odatlarining o‘xshashligi bilan diqqatga sazovor. Bu esa asrlar davomida yaqin madaniy muloqotlarni olib borishga, uni yanada kengaytirishga, yutuqlarni birgalikda baham ko‘rishga imkon berdi. Bu an’analar bugun ham davom etmoqda. O‘zbekistonda Tatariston Respublikasi madaniyati kunlarining o‘tkazilishi hamkorlikning yangi bosqichdagi amaliy timsoliga aylandi.
Jonajon O‘zbekistonimizda ko‘plab millat va elat vakillari yagona va ahil oila farzandlaridek istiqomat etib kelayotgani mamlakatimizda millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan oqilona va uzoqni ko‘zlovchi siyosatning amaldagi yorqin ifodasidir. Ular orasida tatar millati vakillari ham shu tabarruk zamin, uning ravnaqi, xalq farovonligi, porloq istiqboli yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. O‘zbekistonda fan, siyosat, iqtisodiyot, madaniyat va san’at sohasi rivoji yo‘lida mehnat qilgan Rim Giniatullin, Galiya Izmaylova, Chingiz Axmarov va boshqalar katta hurmat bilan tilga olinadilar.
1990-yilda poytaxtda respublikaning eng faol milliy madaniy markazlaridan biri bo‘lgan Tatar ijtimoiy madaniy-ma’rifiy markazi tashkil etildi. Ushbu markaz tomonidan turli bayramlar o‘tkazilib, ularga keng jamoatchilik jalb qilinadi. Viloyatlarda tatar xalqining tili, madaniyati va urf-odatlarini saqlashda faol ishtirok etadigan yana sakkizta tatar jamoat birlashmasi samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bugun mamlakatimizda dunyoning barcha davlatlari bilan ko‘p tomonlama hamkorlik qilish uchun barcha sharoit yaratilgan. O‘zbekiston va Tatariston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlik o‘zaro ishonch va hurmat tamoyillari asosida rivojlanib bormoqda. Bunday madaniy tadbirlarni o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan. Mazkur madaniy-ma’rifiy loyihalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlaydi.
Samarqand shahridagi "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivali, Termizdagi Baxshichilik san’ati xalqaro festivali, Shahrisabzdagi Maqom xalqaro anjumani va yaqinda Qo‘qonda bo‘lib o‘tgan hunarmandchilik xalqaro festivalida Rossiya, xususan, Tataristondan musiqachilar ishtirok etdilar. Shuningdek, o‘tgan yil sentabr oyida Galiasgar Kamal nomidagi Tatar davlat akademik teatrining Toshkent shahridagi gastrol safari muvaffaqiyatli o‘tdi.
...Muhtasham sahnada jo‘shqin kuy-qo‘shiqlar yangraydi. Do‘stlikni, mehr va sadoqatni, ahillikni tarannum etuvchi musiqiy asarlar ikki qardosh xalqning maqsad-muddaolari, orzu-intilishlari yagona ekaniga o‘ziga xos ishoradek. Kontsert dasturi san’at muxlislariga g‘oyat manzur bo‘ldi. Dilrabo musiqiy dastur bilan boshlangan O‘zbekistonda Tatariston Respublikasi madaniyati kunlari doirasida spektakllar namoyishi, kontsertlar, ma’rifiy uchrashuvlar, ijodkorlarning muloqotlari, davra suhbatlari, ko‘rgazmalar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Teatr foyesida badiiy-amaliy san’at ko‘rgazmasi, rasmlar, shoir va yozuvchilarning kitoblari taqdimoti, san’atkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar tashkillashtirildi.
Nazokat USMONOVA, Oqil G‘ULOMOV olgan suratlar, O‘zA