O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonda arbitrajni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferentsiya
2019-09-17 | Siyosat
2019-yil 16-sentabr kuni Toshkent shahrida “O‘zbekistonda arbitrajning joriy holati va uni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro konferentsiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqiyot dasturi, USAID xalqaro tashkilotlari hamkorligida Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi shafeligida tashkil etildi.
Konferentsiyada parlament a’zolari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi vakillari, mutaxassislar, huquqshunos olimlar, milliy va xorijiy ekspertlar, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov o‘z kirish so‘zida ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida jamiyat hayotining barcha sohalarida olib borilayotgan islohotlar va yangilanishlar tufayli O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi tobora oshib boryapti. Bu esa O‘zbekistonda tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlash, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun nizolarni hakamlik sudlarida hal qilish mexanizmining O‘zbekistonda joriy etilishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Konferentsiyada arbitraj institutining turli jihatlariga, xalqaro arbitrajni shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha xorijiy va milliy tajribaga, O‘zbekistonda hakamlik sudlari faoliyati va ularni rivojlantrish istiqbollariga bag‘ishlangan senatorlarning, BMTTD loyihasi, Osiyo taraqqiyot banki ekspertlarining, olimlar va mutaxassislarning ma’ruzalari hamda nutqlari tinglandi.
So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda imkon qadar qulay investitsiya muhitini shakllantirish maqsadida iqtisodiyotni liberallashtirish, investorlar, ayniqsa xorijiy investorlar faoliyati uchun huquqiy shart-sharoit yaratish, shuningdek xalqaro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-noyabrdagi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzurida Toshkent xalqaro arbitraj markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga turli davlatlarda joylashgan tijorat tashkilotlari, shu jumladan, xorijiy investorlar o‘rtasida yuzaga keladigan shartnomaviy va boshqa fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni, xususan, investitsiyalar, intellektual mulk va blokcheyn texnologiyalari bilan bog‘liq nizolarni hal etish mexanizmlarni takomillashtirish bugungi kun tartibiga qo‘yilmoqda. Bunda nizolarni xalqaro arbitraj va nizolarni hal etishning boshqa muqobil usullari orqali hal etish mexanizmlari rivojlantirish va takomillashtirish nazarda tutilmoqda.
Tadbirda O‘zbekistonda arbitrajning qonunchilik bazasini takomillashtirish yuzasidan amaliy takliflar bildirildi.
Anjuman yakunida Toshkent xalqaro arbitraj markazi va Gonkong arbitraj markazi o‘rtasida memorandum tuzish marosimi o‘tkazildi.