O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
BAA Elchisi bilan uchrashuv
2019-09-16 | Siyosat
2019-yilning 13-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Birlashgan Arab Amirliklarining mamlakatimizdagi diplomatik faoliyatini yakunlayotgan Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhammad Harib Al-Muhayribiyni qabul qildi.
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning holati va rivojlanish istiqbollari, shuningdek, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasidagi hamkorlik muhokama qilindi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 24-26-mart kunlari BAAga rasmiy tashrifining asosiy natijalari O‘zbekiston va BAA o‘rtasida yuqori darajadagi ishonch va o‘zaro anglashuv, savdo-iqtisodiy, investitsion aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlarning faollashuvi ekani ta’kidlandi.
Turli darajadagi bo‘lajak ikki tomonlama aloqalarning vaqti va kun tartibi bo‘yicha takliflar yuzasidan fikr almashildi.
Suhbat so‘ngida Vazir Muhammad Harib Al-Muhayribiyni avval Bosh konsul, keyin esa BAAning O‘zbekistondagi birinchi Elchisi sifatidagi o‘n besh yillik faoliyatini muvaffaqiyatli yakunlangani bilan tabrikladi va ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘z navbatida, Elchi O‘zbekiston tomoniga uning BAAning Toshkentdagi diplomatik vakolatxonasi rahbari sifatidagi faoliyatida ko‘mak bergani uchun minnatdorchilik bildirdi.