O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Tadbirkorlikni rivojlantirish va davlat byudjetiga kafolatlangan tushumlarni ta’minlash masalalari tahlil qilindi
2019-09-12 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 11-sentabr kuni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish hamda davlat byudjetiga kafolatlangan tushumlarni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha sub'yektlarini har taraflama qo‘llab-quvvatlash yuzasidan mutlaqo yangi tizim yaratilmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi ko‘plab byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmoqda.
Ushbu yangi tizim, yaqinda tashkil etilgan Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining muvofiqlashtiruvchi roli ostida Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi, joylardagi hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari boshchiligidagi iqtisodiyot kompleksi tashkilotlarining mazkur yo‘nalishda hamjihatlikda izchil ishlashini nazarda tutadi.
Tadbirkorlik sub'yektlariga moliyaviy ko‘mak berish maqsadida ularga tijorat banklari o‘ziga xos biznes-hamkor bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha yangi kontseptsiya amaliyotga joriy qilinmoqda.
Bunday tizimli amaliy choralar natijasida joriy yilning o‘tgan 8 oyida 70 mingta yangi tadbirkorlik sub'yekti tashkil etildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 barobarga ko‘pdir.
Shu bilan birga, hududlarda ishlatilmayotgan rezerv va imkoniyatlar yetarli. Sohani rivojlantirish bo‘yicha yangi tizim qanday ishlashi kerakligini joylarda ko‘pchilik rahbarlar hali chuqur anglab yetmayapti.
Bosh vazir qabulxonalari tashkil etilganidan keyin o‘tgan uch oy mobaynida unga 12 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan, ularning asosiy qismi kredit, yer ajratish va boshqa masalalar bilan bog‘liq.
Murojaatlarning aksariyati Toshkent, Qashqadaryo, Andijon, Samarqand viloyatlariga to‘g‘ri kelgan. Ulardan 9 mingtasi yoki 75 foizi joyida, shundan 40 foizi bevosita tuman darajasida hal bo‘lgan. Bu holat ilgari quyi bo‘g‘in rahbarlari tadbirkorlik sohasidagi mavjud muammolar bilan umuman shug‘ullanmaganidan dalolat beradi.
Vazirlar Mahkamasiga Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi bilan birga Bosh vazir qabulxonalariga tadbirkorlik sub'yektlaridan tushayotgan murojaatlarda ko‘tarilayotgan muammolarni imkon qadar joyida hal etilishini doimiy ravishda muhokama qilib borish topshirildi.
Shuningdek, markaziy idoralar va vazirliklar rahbarlaridan iborat tarkibda 6 ta hududiy Ishchi guruhlarini tuzgan holda, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi tizimni mamlakatning boshqa tuman va shaharlarida joriy etish, joylarda bu borada ishlatilmayotgan imkoniyatlarni safarbar qilish yuzasidan aniq choralar belgilab berildi.
Jumladan, Ishchi guruhlariga har bir tuman va shaharning o‘ziga xos xususiyatlari va salohiyatini o‘rganib, ularni qaysi yo‘nalishlarga ixtisoslashtirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish hamda shunga mos ravishda yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilishini ta’minlash yuklatildi. Shuningdek, joylarda tadbirkorlar ishtirokida ularni qiziqtirgan masala va muammolar yuzasidan ochiq muloqotlar o‘tkazib, mavjud g‘ov-to‘siqlarni bartaraf etish choralarini ko‘rib borish topshirildi.
Majlisda biznes muhitini yaxshilash bo‘yicha qonuniy asoslarni takomillashtirish va aniq yo‘naltirilgan amaliy choralar ko‘rishga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Jumladan, biznes yuritish, litsenziya va ruxsatnomalarni olish bo‘yicha kiritilgan yangiliklar amaliyotda hali to‘liq ishga tushib ketmayotgani tanqid qilindi.
Xususan, Davlat xizmatlari yagona reyestriga kiritilgan 693 ta xizmat turidan atigi 103 tasi yoki 15 foizi Davlat xizmatlari markazlari orqali va elektron tarzda ko‘rsatilmoqda, xolos. Bu esa tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan shaxslarga qiyinchilik tug‘dirmoqda.
Shuning uchun, Adliya vazirligiga tadbirkorlarga onlayn tizimda axborot-maslahat xizmatlarini joriy etish, qog‘ozda ko‘rsatilayotgan barcha davlat xizmatlarini elektron ko‘rinishga o‘tkazish bo‘yicha bir oy muddatda tegishli qaror loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirildi.
Shuningdek, qurilish hujjatlarini kelishishning yagona onlayn tizimini amaliyotda to‘liq ishlatishni ta’minlash bo‘yicha zarur choralar belgilab berildi.
Ko‘plab chet mamlakatlarda biznes sub'yektlari 3 toifaga (kichik, o‘rta va yirik) bo‘lingan va davlat tomonidan har bir toifaga nisbatan alohida qo‘llab-quvvatlash siyosati olib boriladi. Lekin O‘zbekistonda iqtisodiyot rivojida alohida rol o‘ynaydigan “o‘rta biznes” tushunchasi, afsuski, umuman yo‘q.
Shuni hisobga olib, Vazirlar Mahkamasi va tegishli vazirliklarga o‘rta biznes toifasini joriy etish, kichik, o‘rta, yirik biznes mezonlarini qayta ko‘rib chiqish, ularni alohida mexanizmlar asosida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha uch oy muddatda aniq takliflarni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Yig‘ilish kun tartibidagi ikkinchi masala - davlat byudjetiga tushumlarni ta’minlash holati ko‘rib chiqilar ekan, o‘tgan 8 oyda bu boradagi ko‘rsatkichlar prognozga nisbatan yuqori bo‘lgani alohida qayd etib o‘tildi.
Daromadlarni oshirish bo‘yicha foydalanilmagan zaxiralarni ishga solish, soliqqa tortiladigan bazani kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Yakka tartibdagi tadbirkorlardan undiriladigan qat’iy belgilangan soliq bo‘yicha tushumlarni ta’minlash, yashirin ish o‘rinlarini legalizatsiya qilish muhimligi ta’kidlandi.
Toshkent shahri, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida ko‘p milliard so‘mlik soliq qarzdorligi undirilmagani, qator tuman va shaharlar rahbarlari izlanmay, yirik soliq to‘lovchilar hisobiga prognoz ko‘rsatkichlarini bajarishda davom etayotgani tanqid qilindi.
Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki ekspertlari ishtirokida tuzilgan Yirik soliq to‘lovchilar bilan ishlash bo‘yicha inspektsiya soliq rezervlarini o‘rganish va tushumlarni ko‘paytirishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi. Ushbu ishlarning samarasini oshirish uchun yirik soliq to‘lovchilarni elektron hisob fakturalariga o‘tkazish va ularni buxgalteriyani kompyuterda yuritish dasturlariga bog‘lash kerakligi ta’kidlandi.
Moliya vazirligiga qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini kamaytirish bo‘yicha aniq asoslangan taklif kiritish topshirildi.
Byudjet tushumlarining 21 foizini ta’minlaydigan 20 ta shahar va tuman bilan bevosita ishlash uchun ularga mutasaddi rahbarlar biriktirildi.
Davlat byudjetining daromadlar qismini bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan hududiy soliq idoralari rahbarlari ogohlantirildi. Prezident prognozni oldindan to‘lov hisobiga bajarish qat’iyan man etilishini ta’kidladi.
Tadbirkorlar, ekspertlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan muhokamalarda bildirilgan takliflarni inobatga olib, Soliq kodeksining yangi tahriri loyihasini puxta ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Videoselektorda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbarlar va hokimlarning hisobot va takliflari eshitildi.