O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Oʻzbekiston-Turkiya: Turizm sohasidagi jamoat tashkilotlari Nevshehir shahar jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi
2019-09-11 | Turizm
9-14-sentabr kunlari Oʻzbekiston Aeronavtika federatsiyasi, Mehmonxonalar assotsiatsiyasi, Gidlar uyushmasi, Gastronomik turizmi assotsiatsiyasi rahbarlari hamda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi vakillaridan iborat delegatsiya Turkiya Respublikasiga tashrif buyurdi. Tashrifdan koʻzlangan maqsad – Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq, turizm sohasidagi jamoat tashkilotlari yoʻnalishida hamkorlikni mustahkamlash, oʻzaro tajriba almashish va bu borada qator kelishuvlarga erishishdan iborat.
9-sentabr kuni delegatsiya Turkiyaning Nevshehir (Kappadokiya) shahar hokimiyatida “KAP-HİP” Kappadokiya Turizm zonasi infratuzilma xizmatlari birlashmasi raisi, shahar hokimi Rasim Ari hamda Nevshehir Aeronavtika federatsiyasi raisi Halil Uluyer bilan uchrashdi. Ta'kidlash joizki, Nevshehir Turkiyaning havo sharlari bilan tanilgan eng yirik shaharlaridan biri hisoblanib, u yerga har yili 3,5 milliondan ziyod xorijiy turist tashrif buyuradi, ichki sayyohlar soni 10 millionga yetadi, joylashtirish vositalarida jami 30 mingga yaqin oʻrin mavjud.
Uchrashuvda Oʻzbekistonning turizm salohiyati hamda investitsion imkoniyatlari haqida maʼlumot berilib, Oʻzbekistonda turizmning yangi turlari, jumladan ekstremal va yoshlar turizmini rivojlantirishda hamkorlik qilish masalasi muhokama etildi. Nevshehir shahar hokimi Rasim Ari hamda shahar Aeronavtika federatsiyasi raisi Halil Uluyer turizm sohasida hamkorlik qilish maqsadida Oʻzbekistonga tashrif buyurish istagi borligini taʼkidladi. “KAP-HİP” Kappadokiya Turizm zonasi infratuzilma xizmatlari birlashmasiga aʼzo hisoblangan, havo shari parvozi bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarning faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida “Atmosfer Balloons” kompaniyasida uchrashuv tashkil etildi. Maʼlumot uchun: “Atmosfer Balloons” kompaniyasi 1992-yilda tashkil etilgan boʻlib, oʻz faoliyatini 2 ta havo shari bilan boshlagan. Bugungi kunda 130 ga yaqin havo sharlari mavjud boʻlib, ushbu xizmatdan kuniga 4 mingdan ziyod turist foydalanmoqda.
Mazkur kompaniya rahbari Sevni Peker Oʻzbekistonda havo sharida muntazam parvozlarni tashkil qilish boʻyicha turizm klasterini yaratishga qiziqish bildirdi. Uchrashuv yakunida Oʻzbekistonda turizmning jozibadorlini oshirish, uning turlarini koʻpaytirish va rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Aeronavtika federatsiyasi Nevshehir Aeronavtika federatsiyasi hamda “Arhrodisias Ballons” kompaniyasi bilan hamokrlik qilishga kelishib olindi.