Samarqand shahrida “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali doirasida “Sharq xalqlari anʼanaviy musiqa sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.
Anjumanning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri B.Sayfullayev “Sharq taronalari” musiqa festivali kunlari anʼanaviy tarzda oʻtkaziladigan ilmiy anjumanlar Sharq xalqlari musiqa sanʼati tarixi, oʻziga xos anʼanalari va bugungi istiqbollarini oʻrganish, targʻib qilishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Bu galgi konferensiyada Sharq musiqasining shakllanishi va rivojlanishi bilan bogʻliq dolzarb muammolar, “ustoz-shogird” anʼanalari, qadimiy musiqa sanʼatini avaylab-asrash masalalari muhokama qilindi.
Unda AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya, Rossiya, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Eron, Afgʻoniston, Fransiya, Norvegiya, Moldova davlatlari hamda yurtimizdan 30 ga yaqin sanʼatshunos va tarixchi olimlar, bastakorlar, ishtirok etdi.
Ikki kun davom etgan konferensiyaning “Tarix va meros”, deb nomlangan dastlabki majlisida dunyo sanʼatshunosligi va musiqa madaniyati anʼanalarini oʻrganishda munosib oʻrniga ega boʻlgan mashhur tadqiqotchilar – amerikalik Jonatan Makkollum, norvegiyalik Devid Xebert, hindistonlik Shabir Ahmad, Buyuk britaniyalik yurtdoshimiz Raziya Sultanova va boshqalarning maʼruzalari tinglandi. Mavzu yuzasidan bir qator taqdimotlar oʻtkazildi.
– “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali doirasida anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan bu kabi konferensiyalar milliy musiqa sanʼatimiz tarixini oʻrganish, ushbu yoʻnalishda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borayotgan mahalliy va xorijlik olimlar bilan oʻzaro fikr, tajriba almashish uchun qulay imkoniyat, – deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, professor Rustambek Abdullayev. – Bu yilgi konferensiya mavzusi – Sharq xalqlari anʼanaviy musiqa sanʼatining tarixi, bugungi kuni va kelgusi istiqbollari boʻyicha yurtimizda ham, xorijda ham koʻplab tadqiqotlar olib borilgan. Anjumanda aynan ana shu ilmiy-ijodiy izlanishlar mualliflari, yosh tadqiqotchilar ishtirok etib, fikrlarini bayon etdi. Albatta, bildirilgan taklif va mulohazalar umumlashtirilgan holda konferensiyaning xulosalari ishlab chiqiladi va bu musiqa sanʼatimiz tarixini oʻrganish va rivojlantirishga xizmat qiladi.
Konferensiyaning ikkinchi kuni “Nazariya va amaliyot”, deb nomlangan majlis bilan davom etdi. Unda mamlakatimiz va xorijdan kelgan sanʼatshunos olimlar va tadqiqotchilarning maʼruzalari tinglandi.
Xususan, moldavalik Fedor Zanetning gagauz xalqining milliy bayramlari va yomgʻir chaqirish marosimlarida ijro etiladigan qoʻshiqlar, amerikalik olim Konni Zaoning moʻgʻullarning choʻl qoʻshiqlari, qozogʻistonlik Aygul Baybekning qozoq anʼanaviy ijrochiligi va milliy musiqa asboblari haqidagi chiqishlari qatnashchilarga manzur boʻldi.
Shuningdek, oʻzbekistonlik olimlarning oʻzbek anʼanaviy musiqasi rivojlanish bosqichlari, Husayniy maqom yoʻllarining oʻziga xosligi, Buxoro shashmaqomi toʻgʻrisidagi ilmiy qarashlari ham katta qiziqish bilan qabul qilindi.
– Konferensiyada oʻzbekistonlik va xorijlik olimlar mavzu yuzasidan dolzarb chiqishlar qildi, – deydi Tojikiston Fanlar akademiyasi sanʼatshunoslik boʻlimi boshligʻi, sanʼatshunoslik fanlari doktori, professor Asliddin Nizomov. – Qizgʻin bahs-munozaralar boʻldi. Bugungi globallashuv davrida anʼanaviy musiqaga alohida eʼtibor qaratilayotgani juda quvonarli. Zotan, barchamiz ajdodlarimizdan meros qolgan musiqa va qoʻshiqchilik anʼanalarini asrashimiz, ularni davom ettirishimiz kerak. Bu sanʼatda milliy ruh bor va u insonga oʻzgacha gʻurur, shijoat bagʻishlaydi. Agar biz hozir milliy musiqa madaniyatimiz, anʼanalarimiz haqida oʻylamasak, ertaga kech boʻlishi mumkin. Umuman, har bir xalq musiqa va qoʻshiqchilik sanʼatida, avvalo, anʼanaviy ijrochilikka eʼtibor qaratishi lozim.
Konferensiya yakunida yangi adabiyot taqdimotlari oʻtkazildi va anjuman deklaratsiyasi qabul qilindi
Gʻ.HASANOV, A.ISROILOV (surat), OʻzA