Toshkentda 28-avgust kuni “Oʻzbekiston Respublikasini 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi“ loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Birlashgan Arab Amirliklari Vazirlar Mahkamasi va kelajak ishlari boʻyicha vazirligi birgalikda tashkil etgan tadbirda BMTning mamlakatimizdagi doimiy vakolatxonasi, Taraqqiyot dasturi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki kabi moliya institutlari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari, vazirlik va idoralar mutaxassislari, ilmiy doira vakillari ishtirok etdi.
Prezidentimizning joriy yil mart oyida Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi ikki mamlakat oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiya va energetika kabi muhim sohalar qatori davlat boshqaruvini takomillashtirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga koʻtardi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-iyundagi farmoyishiga binoan BAA bilan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.
Iqtisodiyot va sanoat vaziri oʻrinbosari Jasur Oripov ushbu hujjat ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda “Yoʻl xaritasi“da belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi xususida maʼlumot berdi.
BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, BAA Bosh vaziri mahkamasi milliy koʻrsatkichlar loyihasi rahbari Xessa Gaffari va boshqalar Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekiston barqaror rivojlanish sari qatʼiy, uzoq muddatli va strategik maqsadlarni roʻyobga chiqarayotgani, bu yoʻldagi saʼy-harakatlar BMT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotganini taʼkidladi.
“Oʻzbekiston Respublikasini 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi” loyihasi mazkur davra suhbati ishtirokchilari va barcha manfaatdor tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda takomillashtirilmoqda.
Konsepsiyada belgilangan maqsadlarga erishish uchun makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, ijtimoiy himoya va xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, demografik oʻsishning iqtisodiy barqarorlikka taʼsiri kabi ustuvor yoʻnalishlar aniqlab olingan.
Mazkur hujjat bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat rolini takomillashtirish, mintaqaviy omillardan samarali foydalanish, iqtisodiy oʻsish va tarkibiy oʻzgartirishlarni taʼminlashda maqsadli investitsiya siyosatini olib borish, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish tamoyillariga asoslanadi.
Tadbirda BAA Bosh vaziri mahkamasi huzuridagi ekspertlar “Oʻzbekiston Respublikasini 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi“ loyihasi yuzasidan fikr bildirdi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash boʻyicha BAA milliy tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.
Konferensiyada xalqaro tashkilotlar, moliya tuzilmalari, tadqiqot markazlari vakillarining maʼruzalari tinglandi.
Anjuman soʻngida Oʻzbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish konsepsiyasini takomillashtirish va amalga oshirishga doir takliflar ishlab chiqildi.
Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA