O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Media-tur ishtirokchilari suv xo‘jaligi xodimlari uchun o‘tkazilayotgan treninglarni kuzatishdi
2019-08-22 | Jamiyat
Bir guruh respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida Surxondaryo viloyatidagi suv xo‘jaligi ob'yektlariga uyushtirilayotgan media-tur davom etmoqda.
21 avgust kuni media-tur ishtirokchilari Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida bo‘lishdi. Boshqarmada “Texnik salohiyatni mustahkamlash” 2-komponent doirasida BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha treninglar o‘tkazilmoqda. Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, nasos stantsiyalari, yirik suv omborlari va gidroinshootlardan samarali foydalanish, suv resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarida viloyatdagi suv xo‘jaligi mutaxassislari va rahbar xodimlari ishtirok etishmoqda. Mashg‘ulotlarni Suv xo‘jaligi vazirligi vakillari hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti professor-o‘qituvchilari olib borishyapti.
OAV vakillari Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi faoliyati bilan tanishishdi, trening jarayonlarini kuzatib, ishtirokchilar bilan muloqot qilishdi.
To‘rtta yo‘nalish bo‘yicha mashg‘ulotlar ham qizg‘in va samarali kechmoqda, - deydi Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i To‘lqin Alimov. - Mutaxassislarimiz sohaga doir bilimlarini mustahkamlamoqda, yangiliklardan xabardor bo‘lishayapti. Suvdan samarali foydalanish, sug‘orish madaniyatini yuksaltirish, tejamkor sug‘orish texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etish dolzarb bo‘lib turgan hozirgi sharoitda bu kabi mashg‘ulotlar o‘z samarasini berishi shubhasiz
Eslatib o‘tamiz, media-tur Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish” dasturining BMT Taraqqiyot Dasturi va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazining O‘zbekistondagi filiali tomonidan amalga oshirilayotan 2- va 3-komponentlari doirasida uyushtirilmoqda.
Suv xo‘jaligi vazirligi “O‘zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish” dasturining milliy hamkori hisoblanadi.