Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida keng jamoatchilik, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida SHHTning Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi faoliyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nur-Sulton shahrida 2017-yil iyun oyida oʻtgan SHHT sammitida Xalq diplomatiyasi markazlarini tuzish tashabbusini ilgari surgan edi. Shunday markaz birinchi boʻlib Oʻzbekistonda, joriy yil boshida ish boshladi.
SHHTning Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi faoliyati bir qator sohalarni qamrab olgan. Markaz tashkilotga aʼzo davlatlar xalqlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni rivojlantirish maqsadida sogʻliqni saqlash, sport, turizm sohalari, shuningdek, qardosh shaharlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash kabi koʻplab yoʻnalishlarda ish olib boradi. Fuqarolik jamiyati va xorijiy mamlakatlar vakillari bilan hamkorlik aloqalarida xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan samarali foydalanib kelmoqda.
Toshkentda joriy yil mart oyida “Dunyo bolalar nigohida” xalqaro rasmlar koʻrgazmasi oʻtkazildi. Bu markaz tomonidan tashkil etilgan keng koʻlamli ilk tadbirdir. Unda SHHTga aʼzo mamlakatlar yoshlari oʻzlarining vatanparvarlik, tinchlik, yurtga muhabbat tuygʻulari tasvirlangan 700 dan ziyod ijod namunalari bilan ishtirok etdi. Koʻrgazmaning muvaffaqiyatli namoyishi aprel oyida Pekin shahridagi Ayollar va bolalar muzeyida ham davom etdi.
Shuningdek, markaz tashabbusi bilan 21-22-mart kunlari Shahrisabz shahrida dunyoning 7 davlatidan kelgan dizaynerlar ishtirokida “Milliy liboslar“ II festivali, may oyida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida “Xalq xotirasi – muqaddas!” mavzusida fotokoʻrgazma va kinofilmlar namoyishi, Toshkentda Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi va Lal Bahodur Shastri nomidagi hind madaniyati markazi bilan hamkorlikda “Yoga barcha uchun” shiori ostida yoga kunlari, 24-27-iyul kunlari boʻlib oʻtgan “Youth techno art” xalqaro festivali doirasida “SHHT mamlakatlari ilm-fan va texnika olami” xalqaro tanlovlari tashkil etildi.
Markaz bugungi kunda Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozogʻiston kabi davlatlardagi jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik munosabatlarini rivojlantirmoqda. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, “Yuksalish” umummilliy harakati, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Xitoyning Yaqin qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik qoʻmitasi bilan hamkorlik toʻgʻrisida memorandumlar imzolandi.
– Yil yakuniga qadar yana koʻplab xalqaro tadbirlar oʻtkazish rejalashtirilgan, – deydi SHHTning Oʻzbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi direktori Rahmatilla Nazarov. – Xususan, yaqin kunlarda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida hindistonlik mutaxassislar ishtirokida Mahatma Gandi falsafasi va xalq diplomatiyasi masalalariga bagʻishlangan davra suhbati tashkil etiladi. Shuningdek, Toshkentda “SHHT xiyoboni”, SHHT kutubxonasini tashkil qilish niyatidamiz. “Sakkiz xalqdan sakson sakkiz hikmat”, “Sakkiz xalqning 80 mutafakkiri” va “Sakkiz xalqdan 8 ming maqol va hikmat” deb nomlangan kitoblar chop etish ham koʻzda tutilgan.
SHHT oʻz safida aʼzo mamlakatlardan tashqari kuzatuvchi va hamkorlardan iborat, jami 18 davlatni birlashtirgan. Markaz kelajakda mana shu davlatlarning jamoat tashkilotlari bilan munosabatlar oʻrnatish, hamkorlikni rivojlantirishni maqsad qilgan.
Matbuot anjumani yakunida xalq diplomatiyasi faoliyatini ommalashtirish, xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan SHHT mamlakatlari xalqlarini yanada yaqinlashtirishda foydalanish kabi masalalar yuzasidan takliflar bildirildi.
Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA