O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Deputatlar xotin-qizlarning huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar

2019-08-14 | Jamiyat

2019 yil 14 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilgan qonun loyihalarining aksariyati ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy yo‘nalishda ekanligi bilan ajralib turadi.

 

Deputatlar dastlab «Kreditorlarning huquqiy jihatdan himoya qilinishi kuchaytirilishi hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlarining takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.

Ushbu qonun loyihasi yurtimizda tadbirkorlik va investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, mamlakatimizning iqtisodiyot borasidagi xalqaro reytingini tobora oshirish maqsadida mulkni garovga qo‘yish, lizingga yoki majburiyatni ta’minlashning boshqa shakllariga berishning amaldagi mexanizmlarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishni nazarda tutadi. Shundan kelib chiqib, amaldagi ayrim qonun hujjatlariga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif qilindi.

Deputatlar tomonidan berilgan taklif-mulohazalar hamda norma ijodkorligi talablaridan kelib chiqib, loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash mobaynida unga bir qancha tahririy tuzatishlar kiritildi, matndan 30 dan ortiq band chiqarib tashlandi.

Majlisda «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi muhokamasi ham qizg‘in kechdi.

Pul-kredit siyosati va uni qo‘llash amaliyotini tubdan takomillashtirish, narxlar barqarorligiga qaratilgan harakatlarni kuchaytirish, jumladan, amalga oshirilayotgan choralar asosida asossiz inflyatsion holatlarining oldini olishga qaratilgan mazkur loyiha joriy yilning 2 may kuni birinchi o‘qishda qabul qilingan edi. Keyingi muhokamalar davomida deputatlar tomonidan ayrim e’tirozlar bildirildi. Shunga ko‘ra, loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash mobaynida deputatlar ko‘targan barcha masalalar chuqur o‘rganib chiqildi, muhokama qilindi. Xususan, Markaziy bankning tijorat banklaridagi vakili instituti to‘g‘risidagi modda to‘liqligicha, shu bilan bog‘liq bo‘lgan normalar, prudentsial normativlar to‘g‘risidagi modda “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonuniga o‘tkazilishi munosabati bilan mazkur modda ham, u bilan bog‘liq bo‘lgan qator normalar, jami 4 ta modda loyihadan chiqarib tashlandi. Bundan tashqari, ikkita yangi modda loyihaga kiritildi hamda loyiha matniga 30 dan ortiq tahririy o‘zgartirish va tuzatishlar kiritilgan tarzda qabul qilindi.

Shundan so‘ng deputatlar «Maktabgacha yoshdagi bolalarga maktabgacha ta’lim berish va tarbiyalash to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar. Qayd etilganidek, uzluksiz ta’lim tizimining eng muhim va hal qiluvchi bo‘g‘ini - bu bolaning sog‘lom va barkamol shaxs sifatida shakllantirish uchun mustahkam poydevor yaratilishiga xizmat etuvchi maktabgacha ta’lim sohasidir. Shundan kelib chiqib, yuridik shaxslarga nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish huquqini berish, o‘qituvchilarning huquq va erkinliklarini kengaytirish, ular faoliyatini rag‘batlantirish va mas’uliyatini oshirish, individual ta’lim xizmatlari ko‘rsatish uchun sharoit yaratish, rivojlangan davlatlarning tajribasini milliy ta’lim tizimiga integratsiyalash zarurati mazkur qonun loyihasini ishlab chiqishni taqozo etdi.

Qonun loyihasi bilan ilgari amalda bo‘lgan bir qator qoidalarga o‘zgartirishlar kiritilishi nazarda tutilmoqda. Xususan, maktabgacha yoshdagi bolalarni erta rivojlanish jarayoni alohida bosqichlarda bo‘lishi belgilab berilmoqda. Maktabgacha ta’lim muassasalarining tasnifi, ular faoliyatini tashkil etish, huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yilmoqda. Shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalash va rivojlantirish sohasida davlat-xususiy sektor hamkorligini amalga oshirish asoslari mustahkamlanmoqda. Xorijiy tajribani inobatga olgan holda, oilada ta’lim olish imkonini beruvchi oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasini joriy qilish, shuningdek, bolalarning yashash yoki doimiy ro‘yxatga olingan joyidan qat’i nazar, maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish tartibi taklif qilinmoqda.

Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida maktabgacha ta’lim tizimida yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish imkoniyati yaratiladi, tizimni yanada takomillashtirish va maktabgacha ta’limni xalqaro hamjamiyat bilan integratsiyalashuvi uchun keng imkoniyatlar ochiladi, ta’lim sifati sezilarli darajada yaxshilanadi.

Kun tartibidagi navbatdagi masala — «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham muhokamalarga boy bo‘ldi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning tengligini ta’minlash va ularni kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, ularni ijtimoiy-siyosiy hayotga jalb etish, ta’lim olish va ishga joylashish imkoniyatlarini ta’minlash loyihaning bosh maqsadi etib belgilangan. Ushbu loyiha BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konventsiyasi talablarini implementatsiya qilishni hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini muhofazalash sohasida zamonaviy uslublar, xalqaro standartlarni joriy etishni nazarda tutadi.

Deputatlarning ta’kidlashicha, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va erkinliklarining barcha jabhalarini qamrab oladigan ushbu loyiha bir qator vazifalarni hal etishga xizmat qiladi. Ular har sohada o‘zlarini shu jamiyatning teng huquqli a’zosi, barcha tadbirlarning bevosita ishtirokchisi deb his qila boshlaydilar. Jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay jismoniy muhit — binolar, transport, axborot-aloqa, shuningdek, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy muhit, sog‘liqni saqlash, ta’lim xizmatlaridan foydalanishiga imkon yaratadi. Ularni kamsitishning har qanday shakliga barham beriladi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olish va ishga joylashish, ijtimoiy-madaniy hayotda faol ishtirok etish, dam olish va sport bilan shug‘ullanish imkoniyatini oshirishga ko‘maklashadi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, ular uchun erkaklar bilan teng sharoitlar yaratib berishga katta e’tibor qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 21 iyundagi Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisidagi nutqida xotin-qizlar uchun munosib ish, turmush sharoitlari yaratish, ularni ijtimoiy himoyalash, ayollarning sotsial-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, xotin-qizlarning mamlakat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash maqsadida erkaklar va ayollarning huquqlari hamda imkoniyatlari tengligini qonun darajasida kafolatlash taklifi bildirilgan edi.

Davlatimiz rahbarining ana shu tashabbusi va g‘oyasi asosida ishlab chiqilgan hamda palata majlisi kun tartibiga kiritilgan «Erkaklar va ayollarning teng huquqlari hamda imkoniyatlari kafolatlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan talabchanlik bilan muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston tarixida birinchi marta qabul qilinayotgan ushbu qonun loyihasi jamiyat hayotining barcha sohalarida erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar hamda imkoniyat yaratishni ta’minlashga qaratilgan. Shuningdek, loyihada gender tenglik, ayollarni kamsitish tushunchasi va turlari, mutasaddi organlarning vakolatlari, davlat boshqaruvida ishtirok etish, ishga qabul qilish yoki yollashda, kreditlar olish va tadbirkorlik bilan shug‘ullanishda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha normalar, bunday tenglik buzilishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘z aksini topgan. Loyiha bilan erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasining Xotin-qizlar gender tengligini himoya qilish bo‘yicha komissiyasi, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari belgilanmoqda.

Bahs-munozara, tortishuvlarga boy kechgan yana bir masala «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bo‘ldi. Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi asosida tayyorlangan ushbu loyiha ham azaldan muqaddas deb bilingan Ona zotiga, xotin-qizlarga doimo yuksak ehtirom ko‘rsatib kelinishi, ayolga bo‘lgan hurmat-e’tibor - bu avvalo oilaga, jamiyat kelajagiga hurmat-e’tibor ifodasidir, degan qarashining amaldagi in’ikosi bo‘ldi. Darhaqiqat, hozirgi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish davr talabiga aylanmoqda.

Qator qonun hujjatlari zo‘ravonlik qilish, shaxsga nisbatan jismoniy kuch ishlatish jinoiy qilmish hisoblanishiga qaramay, amaliyotda ayollarga nisbatan, ayniqsa, oilaviy-maishiy hayotda zo‘ravonlik qilish hollariga yetarlicha e’tibor berilmaydi. Shu bois ham ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlik hamda tazyiq uchun javobgarlikni qonun yo‘li bilan tartibga solish talab etilmoqda. Bu masalalar to‘liq qamrab oladigan yagona qonun mavjud emasligi esa, davlat organlariga tizimga solingan kompleks statistika olib borish imkonini bermayapti.

Mazkur qonun loyihasi ana shu muammolarga barham berishga, xotin-qizlarni turmushda, ish joylarida, ta’lim muassasalarida va boshqa joylarda tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Loyihada tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek, bunday qilmishlarni sodir etganlik uchun javobgarlik belgilangan. Bundan tashqari, tazyiq hamda zo‘ravonlikni boshidan o‘tkazgan shaxslarni himoya qilish, jamiyatda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday shakliga murosasiz munosabat muhitini qaror toptirishni nazarda tutuvchi protsessual kafolatlarni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar aks ettirilgan. Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari aniq ko‘rsatilib, bu sohadagi vakolatli organlar belgilab berilgan.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi jamiyatda, turmushda, ish joylarida, ta’lim muassasalari va boshqa joylarda xotin-qizlarga nisbatan munosabatni yanada yaxshilash, ularga nisbatan hurmat va ehtiromni tobora mustahkamlashga xizmat qiladi.

Majlisda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Поделиться