Birinchi Kaspiy iqtisodiy forumi: mintaqada hamkorlikni rivojlantirishda yangi qadamlar
Turkmanboshi shahridagi “Avaza” milliy sayyohlik zonasida “Kaspiy dengizi: xalqaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish samaralari” mavzusida birinchi Kaspiy iqtisodiy forumi oʻz ishini boshladi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi D.Medvedev, Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri N.Mamedov, Eron Islom Respublikasi birinchi vitse-prezidenti I.Jahongiriy, Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri A.Mamin, Bolgariya Respublikasi Bosh vaziri B.Borisov boshchiligidagi delegatsiyalar ishtirok etmoqda.
Forum ochilishida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov nutq soʻzladi.
Kaspiy iqtisodiy forumi mintaqada ahil qoʻshnilik aloqalarini mustahkamlashga, savdo, transport, energetika, turizm kabi yoʻnalishlardagi loyihalarni samarali roʻyobga chiqarishga, oʻzaro iqtisodiy hamkorlikni, innovatsion yutuqlarni ommalashtirishga va yangi gʻoyalar almashinuviga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Bugungi kunda Kaspiyboʻyi davlatlari va ularga qoʻshni mamlakatlar iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash, investitsiya siyosatini ragʻbatlantirish va biznes doiralar oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish uchun maxsus platformaga ehtiyoj tugʻilmoqda. Kaspiy dengizining Yevropa va Osiyoni savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda oʻzaro bogʻlab turishidagi ahamiyatini eʼtiborga olganda uning dolzarbligi yanada ortadi. Birinchi Kaspiy iqtisodiy forumi ana shu gʻoyat muhim tashabbusni amalga oshirishdagi ilk qadamlardan biridir.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston tashqi siyosatda yaqin va qoʻshni, hamkor mamlakatlar bilan oʻzaro ishonch ruhidagi sheriklikni jadal rivojlantirmoqda, shu jumladan Kaspiyboʻyi mamlakatlari bilan ham. Joriy yilning oʻtgan olti oyi davomida ushbu mintaqa davlatlari bilan umumiy savdo aylanmasi hajmi 16 foizga oʻsib, 5,2 milliard dollarga yetgani fikrimizga misol boʻla oladi.
Oʻzbekistonning eksport yuklari odatda Yevropaga Qozogʻiston, Rossiya va Boltiqboʻyi portlari orqali yetkaziladi. Amudaryo ustida “Turkmanobod – Farob” yoʻnalishidagi avtomobil va temir yoʻllari koʻprigi, shu bilan birga, “Turkmanboshi”, “Oqtov” zamonaviy portlari hamda “Boku – Tbilisi – Qars” temir yoʻlining ochilishi oʻtgan yili Markaziy Osiyo davlatlarida yuk tashish hajmini 35 foizga oshirish imkonini berdi.
“Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron – Oʻmon” va “Oʻzbekiston – Qirgʻiziston – Xitoy” transport-kommunikatsiya loyihalarining ishga tushirilishi esa qitʼalararo transport yoʻlagini rivojlantirish uchun zarur sharoit yaratadi.
Taʼkidlash joiz, Kaspiy mintaqasi davlatlari bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va rivojlantirish uchun katta qiziqish va salohiyat mavjud.
Forum doirasida tashkil etilayotgan muhokamalarda savdo-iqtisodiy, transport-logistika, turizm sohasidagi imkoniyatlardan unumli foydalanish, bojxona meʼyorlari va standartlarini soddalashtirish, axborot tizimini integratsiyalash, zamonaviy logistika markazlarini ishga tushirish, chegara-oʻtish punktlarini modernizatsiya qilishda hamkorlik masalalari koʻrib chiqilmoqda.
Turkmanboshi, 12-avgust. OʻzA maxsus muxbiri Ulugʻbek Asrorov xabar qiladi.