O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha dolzarb vazifalar
2019-08-08 | Iqtisodiyot
Toshkentda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bagʻishlangan amaliy seminar boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi masʼul xodimlari, turli vazirlik va idoralar rahbarlari, mahalliy hokimliklar mutasaddilari, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya tashkilotlarining mamlakatimizdagi vakillari, shuningdek, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, tadbirkorlik subyektlari, fermerlar, eksportyorlar qatnashdi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini, jumladan, oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, xususiy sektor faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli boʻlmoqda.
Albatta, bu kabi sohalarda salmoqli yutuqlarga erishildi. Oʻz navbatida, kamchiliklar ham koʻzga tashlanmoqda. Xususan, mamlakatda yiliga oʻrtacha 16 million tonnadan ortiq meva-sabzavot, poliz va dukkakli mahsulotlar, 1,5 million tonnaga yaqin goʻsht, 10 million tonnaga yaqin sut ishlab chiqarilsa-da, ularni sanoat usulida qayta ishlash darajasi oʻrtacha 15-20 foizni tashkil qilmoqda. Agrologistika tizimi yaxshi rivojlanmagan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash va saralash xizmatlari talab darajasida emasligi hosilning qariyb 30 foizi isrof boʻlishiga olib kelmoqda. Yetishtirilgan mahsulotlarni xalqaro standartlarga mos laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazishda ham muammolar koʻzga tashlanadi.
Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda yetishtirilayotgan sabzavot mahsulotlarining bor-yoʻgʻi 3-4 foizi, mevaning 11 foizi eksport qilinmoqda. Demak, bu borada ham hali oʻrganilishi, joriy etilishi zarur boʻlgan jihatlar bor.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 29-iyuldagi “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori shu kabi muammolarga tezkor yechim topish, sohaga yangi mexanizmlarni joriy etish maqsadida qabul qilindi.
Qarorga asosan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash boʻyicha 174 va oziq-ovqat sohasida import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha 24 yirik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda mavjud samarasiz bogʻlar oʻrnida 36 ming gektar intensiv bogʻlar tashkil etiladi.
Ana shu vazifalar ijrosini taʼminlash, qaror mazmun-mohiyatini mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, tadbirkorlar va fermerlarga yanada kengroq tushuntirish maqsadida tashkil etilgan seminarda sohaga doir yangiliklar, mavjud muammolar atroflicha muhokama qilindi. Tegishli dasturlarda belgilangan loyihalarni oʻz vaqtida va samarali tatbiq etish yuzasidan fikr almashildi.
Taʼkidlanganidek, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va eksportini koʻpaytirish borasida muhim masalalarni hal qilishga kirishilgan. Jumladan, jahon bozoridagi talablardan kelib chiqqan holda eksportbop qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga asosiy ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Joylardagi holat tahlil qilinganda, bugungi kunda meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan 55 tumandagi ahvol koʻngildagidek emas. Shu bois, bogʻdorchilik va uzumchilikdagi ahvolni tubdan yaxshilash maqsadida Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzurida Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish, Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentliklari tashkil qilindi. Bu tizimdagi loyihalarni imtiyozli moliyalashtirish uchun har ikki agentlikda maxsus jamgʻarma tashkil qilindi. Bu esa tadbirkorlar va fermerlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Intensiv bogʻdorchilikda birinchi marotaba bir qator imtiyozlar joriy qilindi. Jumladan, intensiv bogʻlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha 1 gektarga qilingan xarajatning 6 million soʻmi davlat byudjetidan qoplanadi. Shuningdek, umumiy maydoni 35 gektardan koʻp boʻlgan intensiv bogʻlarga suv chiqarish maqsadidagi 120 million soʻmgacha boʻlgan xarajatlar uchun davlat tomonidan subsidiya ajratiladi.
Bugungi kunda koʻp tadbirkorlarimizni tijorat krediti olishda kafillik masalasi qiynab kelayotgani sir emas. Endilikda intensiv bogʻ barpo etish uchun olinadigan kreditning 50 foizigacha boʻlgan qismi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan kafillik asosida berilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, zamonaviy logistika markazlari, issiqxonalar va muzlatkichli omborxonalar qurishga ham alohida eʼtibor qaratiladi. Hozirda bu boradagi ahvol mutlaqo qoniqarsiz. Bugungi kunda yurtimizda atigi 31 agrologistika markazi faoliyat yuritmoqda. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlaydigan 760 ming tonna sigʻimga ega 1500 ta muzlatkichli omborxona mavjud. Ular jami yetishtirilgan meva-sabzavotlarning 4,5-5 foizini qamrab oladi, xolos.
2019-2021-yillarda Andijon, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Fargʻona va Xorazm viloyatlarida xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan 3 million tonna sigʻimga ega, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida sigʻimi 360 ming tonna boʻlgan jami 37 zamonaviy agrologistika markazlari tashkil etiladi.
“Oʻzstandart” agentligining respublika hamda Namangan va Samarqand hududiy sinov va sertifikatlashtirish markazlari huzuridagi sinov laboratoriyalarini toʻliq modernizatsiya qilish va yangi uskunalar bilan taʼminlash, oziq-ovqat sohasida 726 xalqaro standartlarni joriy qilish kabi chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Buning natijasida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining asosiy turlarini qayta ishlash va eksport qilish hajmini qariyb 2-2,5 barobar oshirish, agrologistika markazlarini tashkil etish orqali qishloq xoʻjalik mahsulotlarini saqlash quvvatini 3,8 million tonnaga yetkazish, qoʻshimcha 118 ming tonna import oʻrnini bosuvchi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Seminarda qishloq xoʻjaligini, investitsiya va tashqi savdoni rivojlantirish, agrosanoat tizimidagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan vazirlar va tegishli tashkilotlar rahbarlari, xalqaro moliya muassasalarining mamlakatimizdagi vakillari oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi S.Zorya, Osiyo taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi rahbari S.Malvichini mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sohasini modernizatsiya qilish, eksport koʻlamini oshirish boʻyicha takliflari bilan oʻrtoqlashdi.
Viloyatlardan kelgan tadbirkorlar oʻzlarini qiynayotgan, yechimini kutayotgan muammolarni ham ochiq-oydin oʻrtaga tashladi.
Xususan, Fargʻona viloyatidagi “Paradise Garden Fruit” MCHJ rahbari Adhamjon Abdurahmonov qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksportida hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bogʻliq muammolar haqida gapirib, bu tizimdagi haqiqiy holatni yaxshilash, soddalashtirish haqida takliflarini bildirdi. Shuningdek, transport logistikasi boʻyicha kreativ gʻoyalari bilan oʻrtoqlashdi.
Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi raisi Kamol Abdullayev esa barcha bogʻlarni tomchilatib sugʻorish tizimiga oʻtkazish, bu borada bogʻbon va fermerlarga koʻmaklashish kerakligi haqida dolzarb muammoni oʻrtaga tashladi. Uning fikricha, tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish uchun zarur texnologiyalarni oʻzimizda ham ishlab chiqarsa boʻladi. Bu esa tizimni joriy etishda mablagʻ tejalishiga xizmat qiladi, albatta.
Ishtirokchilar Toshkent shahri va viloyatidagi ilgʻor ishlab chiqaruvchi qorxonalar faoliyati bilan tanishdi.
– Viloyatimizdagi tomorqa xoʻjaliklari, fermerlardan turli meva-sabzavotlarni ulgurji narxda xarid qilib, xorijga eksport qilamiz, – dedi Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumanida faoliyat koʻrsatayotgan xususiy tadbirkor Nodirbek Safarov. – Bir yilda 3,5 million dollarlik miqdorda savdo aylanmamiz mavjud. Bugun poytaxtimizning Bektemir tumanida joylashgan mevani qayta ishlovchi “Intersok” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdik. Korxonada salqin ichimliklar, 16 turdagi sharbatlar ishlab chiqarilar ekan. Mazkur korxonada mahsulotlar 100 foiz mahalliy xomashyodan ishlab chiqarilishi eʼtiborlidir. Biz ham oʻz xizmatlarimizni ularga taklif qildik.
Seminar doirasida qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat sanoati mahsulotlari, qishloq xoʻjaligi texnikalari koʻrgazmasi ham tashkil etildi.
Ulugʻbek ASROROV, Abdulaziz MUSAYEV, Farhod ABDURASULOV (surat), OʻzA