O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Statistik maʼlumotlarning ochiqligi taʼminlanmoqda

2019-07-31 | Jamiyat

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan mamlakatimizning statistik salohiyatini oshirish va milliy statistikaning ochiqligi va shaffofligini taʼminlashga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.

Qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari B.Mirusmonovning taʼkidlashicha, soʻnggi yillarda mamlakatimizda statistika sohasi tubdan isloh qilinmoqda. Ushbu sohaga xalqaro standartlar va ilgʻor jahon tajribasi keng joriy etilmoqda, statistika maʼlumotlarini toʻplash va qayta ishlashni tartibga soluvchi huquqiy baza takomillashmoqda. Buning uchun 10 dan ortiq meʼyoriy hujjat va 30 ga yaqin idoraviy hujjat qabul qilindi. Ularning barchasi jamoatchilik va xalqaro tashkilotlar oldida mamlakatimiz statistika sohasining ochiqligi va shaffofligini taʼminlashga qaratilgan.
 
Amalga oshirilgan islohotlar statistik maʼlumotlarni tarqatishga qoʻyilgan cheklovlarga barham berish va ularni nashr qilish dolzarbligini oshirish imkonini berdi. Bu borada muhim yoʻnalishlardan biri statistik uslubiyatni takomillashtirish va uni xalqaro standartlarga moslashtirish boʻldi. Ushbu ishlarni amalga oshirish maqsadida mazkur sohadagi yetakchi xalqaro tashkilotlarning ekspertlari jalb qilinmoqda.
 
Bundan tashqari, mamlakatimizning statistik maʼlumotlarini xalqaro darajasida toʻgʻri va toʻliq aks ettirish yoʻlida ham izchil qadamlar qoʻyildi. Masalan, 12 ta xalqaro tashkilot tomonidan tuzilgan 28 turdagi savolnomalar asosida maʼlumot almashish yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi maʼlumotlarini tarqatishning kengaytirilgan umumiy tizimiga ulanishga erishildi. Mazkur tizim doirasida 422 turdagi indikatorlarni davriy eʼlon qilish yoʻlga qoʻyildi.
 
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan muhim va dolzarb statistik koʻrsatkichlar tezkor tarqatilishini taʼminlash maqsadida barcha mahalliy OAV bilan yaqindan hamkorlik olib borilmoqda. Joriy yilning boshidan qoʻmita tomonidan respublikamizning markaziy telekanallari orqali sanoat, xizmat koʻrsatish, qurilish va investitsiyalar, tashqi savdo va boshqa sohalarning koʻrsatkichlarini aniq aks ettirishga qaratilgan 50 dan ziyod maʼlumot-grafika videolavhalari namoyish etildi.
 
Shuningdek, joriy yilning yanvar oyidan boshlab mamlakatimizning markaziy dehqon bozorlarida sotiladigan baʼzi oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari haqida ham haftalik yangiliklar eʼlon qilinmoqda.
 
Statistik maʼlumotlar tarqatish tezligini oshirish uchun “Facebook” ijtimoiy tarmogʻida qoʻmitaning rasmiy sahifasi ochildi. Bugungi kunga qadar ushbu sahifada turli statistik maʼlumotlar va tendensiyalarni aks ettiruvchi 600 dan ortiq postlar joylashtirildi.
 
Matbuot anjumani yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi mutaxassislari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.
 

Roman BONDARCHUK, OʻzA

Поделиться