Toshkentda 30-iyul – Jahon odam cavdosiga qarshi kurash kuni munosabati bilan oʻzbek tilida nashr etilgan “Odam savdosi jabrdiydalarini oʻz yurtiga qaytarish jarayonida inson huquqlariga amal qilish boʻyicha dasturiy tamoyillar” toʻplamining taqdimoti boʻlib oʻtdi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda vazirlik va idoralar, diplomatik korpus vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari, akademik doiralar vakillari ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz direktori Akmal Saidov, YEXHTning mamlakatimizdagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Makgregor va boshqalar Oʻzbekiston xalqaro tashkilotlar bilan odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha ham izchil hamkorlik qilib kelayotganini, xususan, jahon hamjamiyati tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslarni hayotga joriy etishda faol ishtirok etayotganini taʼkidladi.
Yaqinda odam savdosidan jabr koʻrgan 156 nafar Oʻzbekiston fuqarosining yurtimizga qaytarilgani, ularga ruhiy va maʼnaviy koʻmak koʻrsatilgani mamlakatimizda inson qadr-qimmati oliy qadriyat ekanidan yana bir dalolat boʻldi.
Maʼlumki, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi 2008-yili mamlakatlarda odam savdosi jabrdiydalari va noqonuniy migrantlarni yurtiga qaytarish yuzasidan tadqiqotlar oʻtkazish tashabbusini ilgari surgan edi. Bunda odam savdosi jabrdiydalarini qaytarishning turli jihatlariga, mazkur jarayonning inson huquqlari sohasidagi meʼyor va majburiyatlarga muvofiqligini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratish zarurligi belgilandi.
Tadqiqotlar natijasida hukumat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari uchun odam savdosi jabrdiydalarini qaytarish jarayonida qoʻllash mumkin boʻlgan standartlarga talab yuqori ekani maʼlum boʻldi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan oʻzbek tiliga tarjima qilingan toʻplam ayni shu muammoni ijobiy hal etishdagi ilgʻor tajribaga bagʻishlangan. Qoʻllanmada YEXHT mintaqasida jabrdiydalarni qaytarish sohasidagi siyosat, tartib va amaliyot, jarayonda ishtirok etayotgan tomonlar manfaatlari kabi masalalar bayon etilgan.
Tadbir doirasida yangi toʻplam mazmun-mohiyati, Oʻzbekistonda odam savdosiga qarshi kurash, bu boradagi milliy tajriba, mamlakatimizning YEXHT bilan mazkur yoʻnalishdagi hamkorligi yuzasidan maʼruzalar tinglandi.
Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA