O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Oʻzbekiston tarixi” telekanalini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
2019-07-11 | Hujjatlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Vatanimizning qadimiy va boy tarixini chuqur oʻrganish, ushbu yoʻnalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini faollashtirish, yosh avlodni milliy qadriyatlar va ajdodlarimizning bebaho merosi asosida tarbiyalash, jamiyatda vatanparvarlik va oʻz xalqi bilan gʻururlanish tuygʻusini shakllantirish asosida milliy oʻzlikni anglash hissini mustahkamlash va vatandoshlarimiz dunyoqarashini kengaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – Oʻzbekiston MTRK), Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Fanlar akademiyasi, Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining 2019-yil 1-sentyabrdan “Oʻzbekiston tarixi” telekanalini tashkil etish toʻgʻrisida respublikaning keng jamoatchiligi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar “Oʻzbekiston tarixi” telekanali faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlarideb hisoblansin:
ming yillar qaʼriga ildiz otgan Oʻzbekistonning koʻhna va boy tarixi, xalqimizning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan gʻoyat katta ilmiy, madaniy va maʼnaviy hissasi haqida mamlakatimiz aholisini, shuningdek, chet el jamoatchiliginikeng koʻlamda xabardor qilish;
har bir voqeaning mazmun-mohiyatini izchil va tizimli ochib berish orqali buyuk tariximizning barcha davrlarini chuqur ilmiy tadqiqotlarning xolisona natijalari asosida koʻrsatib beruvchi axborot-tahliliy va mavzuli telekoʻrsatuvlar, tok-shou, “davra suhbatlari”ni yuqori professional va gʻoyaviy-badiiy saviyada tayyorlashni tashkillashtirish;
buyuk vatandoshlarimiz – olimlar, mutafakkirlar va aziz-avliyolar, shoir va yozuvchilar, sarkardalar, davlat arboblarining bebaho merosini keng koʻlamda oʻrganish va ommalashtirish maqsadida ularning hayot yoʻli va qahramonligi toʻgʻrisida, shuningdek, dunyo ahamiyatiga ega boʻlgan Oʻzbekiston eng yangi tarixining gʻoyat yorqin va unutilmas sahifalari haqida hikoya qiluvchi ilmiy-ommabop dasturlar va hujjatli filmlar turkumlarini yaratish;
doimiy ishlab turuvchi televizion studiya – “munozara maydonchasi” faoliyatini taʼminlash, Oʻzbekiston tarixi boʻyicha ilmiy tadqiqotlar natijalarini, madaniy va koʻhna yodgorliklarni saqlash bilan bogʻliq muammolarni, shuningdek, xalqimiz tarixiga taalluqli va umummilliy ahamiyatga ega boʻlgan boshqa gʻoyat muhim masalalarni ochiq muhokama qilish uchun olimlar, tarixchilar, tadqiqotchilar, oʻquvchi-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillarini taklif qilish;
chet ellarga ijodiy safarlar davomida xalqimizning moddiy va nomoddiy merosi, Oʻzbekiston tarixi bilan bogʻliq boʻlgan nodir qoʻlyozmalar, kitoblarni izlash, amaliy sanʼat buyumlari hamda muzeylar kolleksiyalarida, xorijiy davlatlarning ilmiy markazlarida, shuningdek, jahon tarixiy merosini oʻrganayotgan jamgʻarmalarda saqlanayotganqimmatli topilmalarni oʻrganish natijalari boʻyicha maxsus telekoʻrsatuvlar tayyorlash;
xorijiy telekanallar, ilmiy-tadqiqot markazlari va jamgʻarmalar tomonidan tayyorlangan, jahon tarixining ahamiyatli lavhalarini aks ettiruvchi, shuningdek, Oʻzbekiston hududida ming yillar davomida sodir boʻlgan tarixiy jarayonlar bilan bogʻliq boʻlgan voqealar va shaxslar toʻgʻrisida hikoya qiluvchi koʻrsatuvlarni sotib olish, oʻzbek tiliga tarjima qilishni tashkillashtirish va milliy teleradiokanallar efirlarida joylashtirishga koʻmaklashish;
3. Oʻzbekiston MTRK tarkibiga kiruvchi tashkilotlar xodimlari sonini optimallashtirish hisobiga shakllantiriladigan, xodimlarining cheklangan umumiy soni 116 nafardan iborat boʻlgan, “Oʻzbekiston” teleradiokanali” davlat unitar korxonasi qoshidagi “Oʻzbekiston tarixi” telekanalining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki, “Oʻzbekiston tarixi” telekanali:
Oʻzbekiston MTRKning “Oʻzbekiston” teleradiokanali” davlat unitar korxonasi qoshidagi “UzHD” telekanali negizida yuridik shaxs tashkil etmasdan HD formatida tashkil etiladi;
respublikaning butun hududi boʻylab tarqatiladigan raqamli koʻrsatuvning hammabop ijtimoiy paketi tarkibiga kiritiladi;
efirni sifatli hujjatli va badiiy filmlar bilan, shu jumladan, tayyor telemahsulotga buyurtma berish shartlari asosida toʻldirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi Oʻzbekistonning eng yangi tarixi boʻyicha jamoatchilik kengashi, ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi, shuningdek, boshqa kino va video suratga olish studiyalari bilan mustahkam hamkorlik qiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi doimiy asosda “Oʻzbekiston tarixi” telekanaliga efirga uzatish uchun materiallar tayyorlashda, jumladan, ularning ishonchliligi hamda tarixiy voqea va faktlarga mos kelishi nuqtai nazaridan koʻrib chiqilishida amaliy yordam koʻrsatsin, shuningdek, olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalarini telekanal orqali yoritish uchun taqdim etib borsin.
6. “Oʻzbekkino” Milliy agentligi va Oʻzbekiston MTRK ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobiga “Oʻzbekkino” Milliy agentligi tomonidan tasvirga olinadigan tarixiy shaxslar toʻgʻrisida, milliy qadriyatlar, anʼanalar, Oʻzbekistonning qaror topishi va davlat sifatida rivojlanishining tarixiy bosqichlarini aks ettiruvchi badiiy, badiiy-publitsistik, hujjatli filmlar, seriallarni hamda animatsion filmlarni hamkorlikda ishlab chiqarish formatlarini tasdiqlasin.
7. Oʻzbekiston MTRK bir oy muddatda:
“Oʻzbekiston tarixi” telekanalining shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda tasdiqlashni;
“Oʻzbekiston tarixi” telekanali har tomonlama tayyorlangan, shu jumladan, Vatanimiz hamda jahon sivilizatsiyasining qadimiy va boy tarixini yuqori professional darajada biladigan malakali mutaxassislar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.
8. “Oʻzbekiston tarixi” telekanali Toshkent shahar, Olmazor koʻchasi, 2-uy manzili boʻyicha Oʻzbekiston MTRK binosida joylashtirilsin va doimiy ishlaydigan “munozara maydonchasi”ni tashkil etish uchun studiyalardan biri telekanalga biriktirib qoʻyilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
2019-yilda yangi tashkil etilayotgan “Oʻzbekiston tarixi” telekanali taʼminotiga, shu jumladan, jahondagi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini namoyish etishning litsenziya huquqlarini sotib olishga, shuningdek, respublika hududi boʻylab teledasturlarni tarqatish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tashkilotlariga haq toʻlashni kiritgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining joriy yilgi parametrlari doirasida mablagʻ izlab topsin va Oʻzbekiston MTRKga ajratsin, 2020-yildan boshlab har yilgi Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti parametrlarida zarur moliyalashtirishni nazarda tutsin;
Oʻzbekiston MTRKning asoslantirilgan hisob-kitoblari boʻyicha “Oʻzbekiston tarixi” telekanali studiyalarini jihozlash va dekoratsiyalar tayyorlash uchun zarur boʻlgan 1,5 milliard soʻmgacha miqdordagi mablagʻ Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan ajratib berilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston MTRK raisiga:
sifatli kontentni shakllantirish boʻyicha ishlarni tashkil etish va samarali ijodiy jarayonni yoʻlga qoʻyish maqsadida “Oʻzbekiston tarixi” telekanalining Ekspert (maslahat) kengashini shakllantirish va uning tarkibini tasdiqlash;
yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish va ishga qabul qilish hamda ajratilgan byudjet mablagʻlari doirasida ularga xorijiy valyutada ish haqi va boshqa toʻlovlar miqdorini belgilash huquqi berilsin.
11. Oʻzbekiston MTRK:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda yangi tashkil etilayotgan “Oʻzbekiston tarixi” telekanalini zamonaviy televizion uskunalar kompleksi bilan jihozlash;
ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari F.Sh.Mahmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 11-iyul