Energetika va kimyo sohalaridagi investitsiya loyihalarini jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-iyun kuni neft-gaz, kimyo va elektr energetikasi sohalaridagi investitsiya loyihalarini yanada jadallashtirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Ushbu sohalar sanoat va tadbirkorlik rivoji, aholi turmush darajasiga asos boʻlishi bilan juda muhimdir. Shu bois mazkur tarmoqlarda koʻplab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xususan, joriy yilda 2 milliard 730 million dollar investitsiyalarni oʻzlashtirish hisobiga neft-gaz sohasida 16 ta, 850 million dollar evaziga kimyo tarmogʻida 17 ta, 1 milliard dollardan ziyod mablagʻ vositasida elektr energetikasi boʻyicha 28 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.
Yigʻilishda ushbu loyihalar muhokama qilinib, ularning ijrosi boʻyicha mutasaddilarning hisoboti eshitildi.
Davlatimiz rahbari energiya resurslari ishlab chiqaruvchi, taqsimlovchi va yetkazib beruvchi korxonalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, uglevodorodlar qazib olish hajmini koʻpaytirish, mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish zarurligini taʼkidladi.
Toʻraqoʻrgʻon, Navoiy, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyalarida olib borilayotgan qurilish va modernizatsiya ishlarini tezroq yakunlab, bu yil foydalanishga topshirish, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida zamonaviy bugʻ-gaz qurilmalarini oʻrnatish boʻyicha ishlarni jadallashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini yanada keng joriy etish kerakligi qayd etildi.
“Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida polivinilxlorid, kaustik soda va metanol, Jizzax plastmassa zavodida toʻqimachilik sohasi uchun kimyoviy qoʻshimchalar ishlab chiqarish loyihalarini foydalanishga topshirish, Yangiyer shahrida ammiak va karbamid ishlab chiqarish loyihasini jadallashtirish boʻyicha vazifalar qoʻyildi.
– Iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini oshiruvchi ushbu tarmoqlardagi investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish kerak. Bu boshqa turdosh va yondosh sohalar rivojini ham taʼminlab, koʻplab ish joylari yaratadi, – dedi Prezident.
Yigʻilishda neft-gaz, kimyo va elektr energetikasi sohalarida bu yil yakunida kutilayotgan natijalar hamda kelgusi yilga moʻljallangan rejalar koʻrib chiqildi.