O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonning besh shahrida «Open Air Sahro Simfoniyasi» konsert dasturi o‘tkaziladi
2019-06-14 | Madaniyat
18-27 iyun kunlari O‘zbekistonning besh shahrida katta musiqiy loyiha - «Open Air Sahro Simfoniyasi» bo‘lib o‘tadi. An’anaga aylangan loyiha O‘zbekiston Milliy simfonik orkestrining jonli konsertlari va milliy estrada san’atining mohir va yosh san’atkorlari chiqishlarini o‘zida mujassamlashtirgan.
«Open Air Sahro Simfoniyasi» Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus shahrida I.V.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi markaziy maydonida boshlanadi. Musiqa karvoni konsertlar bilan Xiva, Termiz, Qarshi va Shahrisabz shaharlarining tarixiy va san’at maydonlarida yo‘lini davom ettiradi.
Konsert dasturi o‘tkaziladigan barcha maydonlarda loyiha uchun tashkil etilgan konsert zallari, 3000 tadan 5000 tagacha o‘rindiq, musiqaviy chiroq uskunalari bilan bezatilgan sahna, shaharning o‘ziga xosligini aks ettiruvchi vizual ekranlar quriladi.
Dasturlar har bir viloyatning o‘ziga xos jihatlarini hisobga olgan holda maxsus tuzilgan. Konsert dasturi mumtoz asarlar, mashhur romantik kuylar va opera musiqalari, film musiqalari, raqs kompozitsiyalarining asl tanlovlari, tomoshabinlar uchun kutilmagan sovg‘a va yana ko‘plab qiziqarli tuhfalarni qamrab olgan besh turdagi shoudan iborat.
«Open Music» jahonning turli xalqlari madaniyatida aks etgan, umuminsoniy qadriyatlarni tasdiqlashga qaratilgan keng ko‘lamli dastur bo‘lib, u tabiat hamda san’at uyg‘unligini o‘ziga xos innovatsion multimedia shaklida konsert orqali taqdim etishi orqali tomoshabinlarni jalb etadi.
Loyiha quyidagi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilmoqda: O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, Xorazm, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari. Bosh homiy: «SOTHIS AEGIS» kompaniyasi.