Ushbu markaz Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va “GE Healthcare” kompaniyasi hamkorligida foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Bositxonova, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti rektori Habibulla Akilov va boshqalar mamlakatimizda sogʻliqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar oʻzining amaliy natijasini berayotganini qayd etdi.
Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va “GE Healthcare” kompaniyasi hamkorligida foydalanishga topshirilgan ushbu markaz mamlakatimizda malakali tibbiyot xodimlarini tayyorlash va uzluksiz samarali taʼlim tizimini rivojlantirishga xizmat qilishi bilan muhim. Shu bilan birga, uning faoliyati Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 7 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida davom ettirilayotgan ezgu ishlarning mantiqiy davomidir.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, keyingi yillarda yurtimizda poliklinikalar soni 2 barobarga, tibbiyot mutaxassislari soni esa 12 foizga oshgan. Ushbu jarayon mamlakatimizda shifokorlik tajribasining taʼlim va ilmiy faoliyat bilan jadal integratsiyalashuviga boʻlgan talabning oshib borayotgani bilan bogʻliqdir. Yangi ochilgan oʻquv-simulyatsiya markazi aynan tibbiyotning ilgʻor yutuqlarini davolash va tashxis jarayonlariga qoʻllashda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Bugungi kunda yurtimizda tibbiy oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tizimiga juda katta eʼtibor qaratilmoqda, – dedi ushbu institut professori Akram Fozilov. – Bu oʻquv-simulyatsiya markazi soha mutaxassislarining amaliy koʻnikmalarini shakllantirish va rivojlantirishda muhim oʻrin egallaydi. Unda tinglovchilar olgan nazariy bilimlarini zamonaviy ultratovushli uskunalarda amalda sinab, oʻz bilimini mustahkamlaydi. Birinchi navbatda bu ayollar sogʻligʻi va prenatal tashxis bilan shugʻullanuvchi shifokorlarga taalluqlidir. Taʼkidlash kerakki, “GE Healthcare” kompaniyasi Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish loyihalarida faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, Prenatal tibbiy xizmatni rivojlantirish davlat dasturi doirasida mamlakatimizdagi 200 ta koʻp tarmoqli poliklinika “GE Healthcare” kompaniyasining soʻnggi ultratovush tashxis qoʻyish skanerlari bilan taʼminlandi.
– Biz oʻzbekistonlik shifokorlar bilan koʻp yillardan buyon hamkorlik qilib kelamiz, – dedi tibbiyot fanlari doktori, professor Vladimir Mitkov (Rossiya). – Bugun yangi markaz ochilishida ishtirok etayotganimdan xursandman. Qaysidir maʼnoda oʻzbekistonlik hamkasblarimga havasim kelayapti. Chunki bu markazning ishga tushirilishi mutaxacsislarning eng ilgʻor ultratovushli tashxis uskunalari boʻyicha xavfsiz va samarali ishlash koʻnikmalarini shakllantirishda katta koʻmakdir. Qolaversa, uning faoliyati ikki davlat oʻrtasida aynan shu yoʻnalishda aloqalarimizni yanada mustahkamlaydi.
Markazda tinglovchilarga mahalliy va xorijlik mutaxassislar akusherlik, ginekologiya, kardiologiya va umumiy vizuallashtirish yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim beriladi. Bu yerda “GE Healthcare” kompaniyasining zamonaviy ultratovushli tibbiy tashxis Voluson P6 uskunasi, interaktiv anatomik atlas va ultratovushli fetal fantom oʻrnatilgan boʻlib, shifokorlar nazariy bilim olish bilan bir qatorda yuqori texnologik uskunalarda tadqiqotlar oʻtkazishi mumkin.
Nasiba ZIYODULLAYEVA, OʻzA