O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2019-05-21 | Siyosat
2019 yil 20 may kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyevning YeXHTning amaldagi raisi, Slovakiya Respublikasi tashqi ishlar va Yevropa ishlari vaziri Miroslav Laychak bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Slovakiya Respublikasi o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni, shu jumladan parlamentlararo aloqalarini, shuningdek O‘zbekistonning YeXHT bilan o‘zaro hamkorligini, shu jumladan YeXHT Parlament assambleyasi doirasidagi hamkorligini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama etildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Slovakiyaning savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda, shuningdek parlamentlararo muloqotni faollashtirishda ikki tomonlama hamkorligini yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda barcha sohalarda tub o‘zgarishlarni nazarda tutadigan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berildi.
O‘zbekistonning YeXHT PA to‘la huquqli a’zosi sifatida ishtirok etishi muhimligi ta’kidlandi. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonning undagi doimiy delegatsiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. YeXHT va uning institutlari bilan hamokrlik turli darajalarda amalga oshirilishi va keng ko‘lamdagi masalalarni qamrab olishi qayd etildi.
Toshkentda O‘zbekistondagi YeXHT loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan YeXHT loyihalari xavfsizlik, barqaror iqtisodiy-ekologik va ijtimoiy taraqqiyot sohalarida respublika muassasalarining institutsional imkoniyatlarini rivojlantirishda ularga texnik ko‘mak berishga qaratilgan. 2007-2017 yillarda umumiy miqdori 12 mln. yevrodan ziyod 150 dan ziyod loyiha amalga oshirildi. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda qiymati deyarli 4 mln. yevro bo‘lgan 20 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar bundan buyon ham O‘zbekistoning Slovakiya Respublikasi, shuningdek YeXHT tuzilmalari bilan ikki tomonlama hamkorligining mavjud salohiyatini mustahkamlash va rivojlantirish uchun barcha sa’y-harakatlarni ishga solishga tayyor ekanini bildirdilar.