O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qo'mita rahbariyati Hindiston elchisi Vinod Kumar bilan uchrashdi
2019-04-26 | Turizm
2019 yilning 24 aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlanitirsh qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari v.b. U.Kasimxoʻjayev oʻz diplomatik missiyasini tugatayotgan Hindistonning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Vinod Kumar bilan uchrashdi.
Tomonlar turizm sohasida ikki tomonlama munosabatlarning ahamiyati haqida suhbatlashishar ekan, mamlakatlar oʻrtasidagi turistik biznes, jumladan, ikki davlatning turistik salohiyatini xorijda targʻib etish yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yanada faollashtirish lozimligini ta'kidlab o'tishdi.
Uchrashuvda, shuningdek, taraflar turizm sohasidagi qoʻshma loyihalar va tashabbuslarning amalga oshirilish bosqichini koʻrib chiqishdi hamda birgalikda qilinadigan ishlar uchun yangi salohiyatli yoʻnalishlarni belgilab olishdi.
Aytib o' tish kerakki, Hindiston bilan do'stona munosabatlarni rivojlantirish yuzasidan davlatimiz va qo'mita tomonidan hozirgacha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Shulardan biri joriy yilning 15 mart kuni taniqli hind modelyer-dizayneri, shaxsiy brend asoschisi Ritu Beri Oʻzbekistonning Hindistondagi “Madaniyat turizmi elchisi” etib tayinlanganidir. Dizaynerga Dehli shahrida boʻlib oʻtgan «Oʻzbek musiqa va modasi festivali» doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi nomidan rasmiy sertifikat va esdalik sovgʻasi topshirilgandi.
Maʼlumot uchun: Ritu Beri Hindistonda koʻpincha “Moda malikasi”, “Hindiston modasining birinichi xonimi” deya eʼtirof etiladi. U Parijda oʻz kolleksiyasini namoyish qilgan birinchi hind dizayneri hisoblanadi. Jahonga mashhur kino yulduzlari Nikol Kidman, Letisiya Kasta, Madxuri Diksit kabilar Ritu Berining liboslarida omma oldida namoyon boʻlishadi.
Shuningdek, shu kunlarda Hindistonning “Emmay Entertainment” prodyuserlik kompaniyasi delegatsiyasi Oʻzbekistonga tashrif buyurgan bo'lib, kompaniya vakillari Hindistonning eng yirik telekanali boʻlgan “Star TV” bilan hamkorlikda Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodi hamda Boburiylar sulolasiga bagʻishlangan koʻp qismli filmni suratga olishni rejalashtirgan.
Qayd etish joizki, hukumatlar tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yurtimizga sayyohlar oqimining ortishida oʻz aksini topmoqda. Agar 2017 yilda Hindistondan Oʻzbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 16,3 mingni tashkil etgan boʻlsa, oʻtgan 2018 yilda bu koʻrsatkich 21 ming kishiga yetdi. Qariyb 29 foizgacha oʻsish kuzatildi. Shuningdek, 2019 yilning I choragida Oʻzbekistonga 5,1 mingdan ziyod Hindiston fuqarolari tashrif buyurgan boʻlib, o'sish koʻrsatkichi 80 foizga yetdi.
Uchrashuv yakunida U.Kasimxoʻjayev Hindiston elchisining turizm sohasida mamlakatlar oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni izchil rivojiga qoʻshgan shaxsiy hissasi uchun alohida minnatdorchilik bildirdi.