Oʻzbekiston va Janubiy Koreya xalqlarini qadimiy doʻstlik rishtalari bogʻlab turadi. Ikki xalqning oʻxshash madaniyati, mentaliteti rivojlanishning turli davrlarida ham ishonch ruhidagi hamkorlik uchun mustahkam asos yaratgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil noyabr oyida Koreya Respublikasiga davlat tashrifi oʻzaro hamkorlikning keng koʻlamli masalalari boʻyicha davlatlararo aloqalarni yanada rivojlantirish imkonini berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida 16 aprel kuni ”Oʻzbekiston va Janubiy Koreya: hamkorlikdagi rivojlanish istiqbollari” mavzusida tashkil etilgan xalqaro seminar strategik sheriklikni har tomonlama rivojlantirish masalalari muhokamasiga bagʻishlandi.
Tadbir Koreya Respublikasi Prezidentining mamlakatimizga tashrifi arafasida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va Koreya xalqaro iqtisodiy siyosat instituti hamkorligida tashkil etildi. Unda mamlakatimiz tegishli vazirlik va idoralari, ilmiy tadqiqot muassasalari, hamkor mamlakat yetakchi ekspertlari va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, Koreya xalqaro iqtisodiy siyosat instituti prezidenti Li Chje Yon va boshqalar soʻzga chiqdi.
Taʼkidlanganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va ishonch ruhidagi hamkorlik aloqalarining yangi bosqichini boshlab berdi. Bugungi kunda ushbu saʼy-harakatlar natijasi savdo-iqtisodiy qoʻshma loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganida, Oʻzbekistonda biznes yuritish istagida boʻlgan koreyalik ishbilarmonlar soni ortib borayotganida namoyon boʻlmoqda.
Seminar doirasida Oʻzbekiston va Koreya tashqi, savdo-iqtisodiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlari, mavjud imkoniyatlarni roʻyobga chiqarishdagi vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Koreyalik mehmonlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatlarimiz iqtisodiy-ijtimoiy hayotining barcha sohalarida oʻzining kutilgan natijalarini berayotganini qayd etdi.
Koreya Respublikasi Oʻzbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va tarkibiy oʻzgartirish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda. Elektron hukumat tizimini joriy etish, energetika, kimyo sanoati, avtomobilsozlik, infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma texnologik loyihalar hamkorlikda hayotga tatbiq etilmoqda.
– Oʻzbekiston Koreyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim savdo sheriklaridan, – dedi Li Chje Yon. – Oʻtgan 2018 yil yakunlari boʻyicha mamlakatlarimiz oʻrtasida tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard AQSH dollaridan ziyodni tashkil etdi. Mamlakatingizning iqtisodiyot, savdo, sanoat, ijtimoiy-gumanitar kabi sohalariga kiritilgan Koreya investitsiyasi hajmi esa 700 million dollarga teng boʻldi. Oʻzbekistonda Koreya fuqarolari uchun vizasiz tartibning joriy qilinishi turizm, madaniyatlararo muloqotni faollashtirish, taʼlim yoʻnalishida talabalar almashinuvini rivojlantirish imkonini taqdim etdi.
Mamlakatimizda Koreyaning 70 dan ortiq kompaniyasi vakolatxonalari bor. Iqtisodiyot tarmoqlarida Koreya investitsiyasi ishtirokidagi 640 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.
Bugun hamkor davlat Yevroosiyo mintaqasi uchun Shimoliy iqtisodiy hamkorlik siyosatini ilgari surmoqda. Uning toʻlaqonli hayotda oʻz ifodasini topishida Markaziy Osiyo mintaqasi chorrahasida joylashgan Oʻzbekiston bilan hamkorlik muhim oʻrin tutadi. Ilgari surilayotgan yangi strategiya transport-kommunikatsiya, tranzit kabi qator muhim sohalarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni koʻzda tutadi. Bu, oʻz navbatida, yagona makon sifatida rivojlanish tarafdori boʻlgan Oʻzbekiston manfaatlariga ham mos keladi.
Sessiyalar tarzida davom etgan tadbirda strategik rivojlanishning maqsad va vazifalari, iqtisodiy islohotlar samarasi, siyosiy, madaniy-gumanitar muloqot, sanoatga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Rivojlanishning joriy holati va istiqbollari tahlil qilindi.
Tadbir yakuni boʻyicha ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlariga doir tavsiyalar ishlab chiqildi.
Ulugʻbek Shonazarov, OʻzA