O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vladimir Shamanov Shahrisabzdagi oʻquvchilar olimpiadasida gʻolib boʻlgan
2019-04-15 | Jamiyat
Yurtimizda mehmon boʻlib turgan Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasining Mudofaa boʻyicha qoʻmitasi raisi Vladimir Shamanov boshchiligidagi Rossiya qahramonlari assotsiatsiyasi delegatsiyasi 13 aprel kuni Samarqandga tashrif buyurdi.
Fazogir-uchuvchilardan iborat delegatsiya aʼzolari dastlab Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov hamrohligida Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbara-majmuasini ziyorat qildi.
Mehmonlarga bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik-obodonlashtirish ishlari hamda ziyoratchilar uchun yaratilgan sharoitlar haqida maʼlumot berildi.
Shundan soʻng Rossiya qahramonlari Shohi Zinda, Xoʻja Doniyor yodgorliklarida boʻldi. Bir necha asrlik ushbu majmualarning yaratilish tarixi va ularni bezavol saqlash, asrab-avaylash borasidagi ishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Mirzo Ulugʻbek muzeyi va rasadxonasi bilan yaqindan tanishgan fazogirlar buyuk ajdodimiz astronomiya fani rivojiga beqiyos hissa qoʻshganligini taʼkidlab, uning merosini oʻrganish va keng targʻib etish barcha zamonlarda dolzarb ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
– Samarqandga bundan qirq yillar oldin, maktabda oʻqib yurganimda sayohatga olib kelishgan, – deydi Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasining Mudofaa boʻyicha qoʻmitasi raisi, Rossiya Qahramoni Vladimir Shamanov. – Ilk tanishuvdanoq bu shaharni yaxshi koʻrib qolganman va hozir ham Oʻzbekistondagi shaharlar orasida Samarqand menga juda yoqadi. Bu zamin azaldan madaniyat, sivilizatsiya markazi sifatida nom qozongan. Qolaversa, buyuk sarkarda Amir Temur davlatining poytaxti sifatida gullab-yashnagan. Darvoqe, Amir Temur haqida gap ketganda, men u tugʻilib oʻsgan Shahrisabzda oʻquvchilik paytimda matematika va fizika fanlaridan olimpiadada qatnashib, sovrindor boʻlganimni yaxshi eslayman. Umuman, ikkinchi ona Vatanim boʻlgan Oʻzbekistonga bu galgi safarim ham koʻp xotiralarni yodga soldi. Mehmondoʻstlik va samimiy munosabatlardan boshimiz koʻkka yetdi.
Samarqandga tashrif davomida delegatsiya aʼzolari Registon majmuasi, Amir Temur maqbarasi va boshqa tarixiy-madaniy yodgorliklarni tomosha qildi.
– Oʻzbekistonga kelishim har safar yangi taassurotlarga boy boʻladi, – deydi Rossiya Qahramoni, Oʻzbekiston Respublikasining “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Solijon Sharipov. – Bu gal ham shahar va qishloqlarning ancha oʻzgarib, obod boʻlganini koʻrdim. Odamlarning hayotga munosabati ham oʻzgargan. Bugun Samarqandga kelib, shaharning sayyohlar bilan gavjumligi, bu tarixiy maskanning yirik turizm markaziga aylanib borayotganiga guvoh boʻldim. Aslida ham Samarqand dunyo sivilizatsiyasining beshiklaridan biri sifatida insoniyat taraqqiyotida muhim oʻrin tutadi. Bu yerda birgina astronomiya sohasida Mirzo Ulugʻbek boshchiligida amalga oshirilgan ishlarni haligacha dunyo olimlari eʼtirof etadi. Men Samarqandda koʻp boʻlganman. Lekin bugun kelgan rossiyalik kosmonavtlarning koʻpchiligi bu shaharda birinchi marta boʻldi va ularning hayrati va taassuroti juda yuqori.
Gʻolib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), OʻzA