Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-martdagi “Veterinariya va chorvachilik sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5696-son Farmoni ijrosi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini samarali tashkil etishni taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tizimiga kiruvchi tashkilotlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 63 nafardan iborat boʻlgan markaziy apparati tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi tuzilmasi, viloyatlar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalarining namunaviy tuzilmalari 4 va 5-ilovalarga muvofiq;
Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasining tuzilmasi va uning tuzilmasiga kiruvchi muassasalar roʻyxati 6-7-ilovalarga muvofiq;
tumanlar (shaharlar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimlarining namunaviy tuzilmalari 8-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar tumanlari (shaharlari) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimlari tuzilmasiga kiruvchi muassasalar roʻyxati 9-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi huzuridagi “Oʻzbekchorvanasl” agentligining tashkiliy tuzilmasi 10-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi huzuridagi “Oʻzbekchorvanasl” agentligi markaziy apparatining tuzilmasi 11-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar “Chorvanasl” markazlarining namunaviy tuzilmasi 12-ilovaga muvofiq;
Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazining tuzilmasi 13-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazlarining namunaviy tuzilmasi 14-ilovaga muvofiq;
tumanlar (shaharlar) hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazlarining namunaviy tuzilmasi 15-ilovaga muvofiq;
tumanlar (shaharlar) hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazlari tuzilmasiga kiruvchi muassasalar roʻyxati 16-ilovaga muvofiq;
Davlat chegarasi va transportda davlat veterinariya nazorati boshqarmasining tuzilmasi 17-ilovaga muvofiq;
Veterinariya dori vositalari, ozuqabop qoʻshimchalar sifati va muomalasi nazorati boʻyicha davlat ilmiy markazining tuzilmasi 18-ilovaga muvofiq;
Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti, Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining tuzilmalari 19-22-ilovalarga muvofiq;
2019-2021-yillarda chorva mollari bosh soni, goʻsht va sut ishlab chiqarish hajmini oshirish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlari 23-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisiga:
zarur hollarda qoʻmita va uning tizimidagi tashkilotlarning barcha tashkiliy tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy shtatdagi soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish;
qoʻmitaning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan boshqaruv xodimlarining qoʻshimcha shtat birliklarini joriy etish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ilmiy va taʼlim muassasalari yuqori malakali mutaxassislarini, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ekspertlarni konsultant sifatida jalb etish;
malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilish va ularga ish haqi miqdori va boshqa toʻlovlarni chet el valyutasida belgilash huquqi berilsin.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi huzuridagi “Oʻzbekchorvanasl” agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb yuritiladi) bosh direktori lavozimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari hisoblanadi;
Agentlik bosh direktorining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
“Qorakoʻlchilik” Respublika uyushmasi, “Parrandasanoat” uyushmasi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi va “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasining raislari va ularning oʻrinbosarlari muassislarning umumiy yigʻilishi qarorlari bilan saylanadi va Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining taqdimiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi bilan kelishilgan holda lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalarining boshliqlari Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi tomonidan viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimiga binoan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
tumanlar (shaharlar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimlari boshliqlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalarining boshliqlari tomonidan tuman (shahar) hokimlarining taqdimiga binoan lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining raisi Oʻzbekiston Respublikasining Bosh davlat veterinariya inspektori, uning oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasining Bosh davlat veterinariya inspektorining oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining Davlat veterinariya nazorati boshqarmasi veterinar mutaxassislari oʻz vakolatlari doirasida davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi;
Davlat chegarasi va transportda davlat veterinariya nazorati boshqarmasi boshligʻi davlat chegarasi va transportda bosh davlat veterinariya inspektori, uning oʻrinbosarlari esa Davlat chegarasi va transportda bosh davlat veterinariya inspektorining oʻrinbosarlari hisoblanadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalarining boshliqlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh davlat veterinariya inspektorlari, ularning oʻrinbosarlari esa tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosh davlat veterinariya inspektorlarining oʻrinbosarlari hisoblanadi;
tumanlar (shaharlar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimlarining boshliqlari tegishlicha tumanlar (shaharlar) bosh davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi;
veterinariya uchastkalari va bozorlar veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyasining mudirlari tegishlicha uchastka va bozorlarda davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi;
Davlat chegarasi va transportda veterinariya nazorati veterinariya punktlarining (uchastkalarning) boshliqlari va veterinar vrachlari tegishlicha Davlat chegarasi va transportda veterinariya nazorati veterinariya punktlarining (uchastkalarning) davlat veterinariya inspektorlari hisoblanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining “OʻZNASLCHILIK” va “Oʻzzoovettaʼminotxizmat” davlat korxonalari Agentlik tarkibiga oʻtkazilsin.
5. Agentlik oʻz faoliyatini “Qorakoʻlchilik” Respublika uyushmasi, “Parrandasanoat” uyushmasi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi va “Oʻzbekiston asalarichilari” uyushmasi bilan hamkorlikda olib boradi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi ikki oy muddatda quyidagilarni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda mavjud chorvachilikka ixtisoslashgan xoʻjaliklarning, shu jumladan, koʻp tarmoqli xoʻjaliklarning mavjud quvvatlarini xatlovdan oʻtkazib, ularning yetishmaydigan oʻrnini naslli qoramollar bilan toʻldirish boʻyicha dasturni;
Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda naslchilik xoʻjaliklarida yetishtirilgan va Agentlik va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan import qilingan va qishloq xoʻjaligi korxonalariga sotilgan har bir bosh nasldor qoramol uchun subsidiya berish tartibini;
Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda aholi xonadonlarida va chorvachilik yoʻnalishida faoliyat koʻrsatadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarda parvarish qilinayotgan chorva mollarini sugʻurtalash tartibini.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining:
Samarqand veterinariya meditsinasi institutining Toshkent filialini tashkil etish;
Moliya vazirligining veterinariya uchastkalaridagi 1 500 nafar xodimga qoʻshimcha ravishda chorva mollari naslini yaxshilash va sunʼiy urugʻlantirish vazifasi yuklatilayotganligini inobatga olib, ularning tarif razryadlarini 3 razryadga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
8. Agentlik ijro apparati va uning hududiy boʻlinmalari faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari, mahalliy byudjet mablagʻlari va byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
9. Agentlikning bosh direktori, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar “Chorvanasl” markazlari direktorlariga Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda har yili naslchilik ishi va sunʼiy urugʻlantirishni tashkil qilish uchun 1 500 tagacha ishchilarni shartnoma asosida jalb qilish vakolati berilsin.
Bunda jalb qilinadigan ishchilar Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi tomonidan 12 oylik shartnoma asosida ishsizlar va band boʻlmagan shaxslar sifatida jamoat ishlariga jalb qilinadi va ularning ish haqi jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
10. Agentlik va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan aholi, shaxsiy yordamchi, dehqon va chorvachilik yoʻnalishidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga koʻrsatiladigan xizmatlardan hamda naslli chorva mollarini respublikaga import qilib sotishdan tushgan mablagʻlar soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Agentlik bilan birgalikda bir oy muddatda har bir tumanda tashabbuskorlarni aniqlab:
ichki isteʼmol bozorini sifatli goʻsht va goʻsht mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, goʻsht narxining barqarorligini saqlash maqsadida 2019-2021-yillarda har bir tumanda qoramollarni boʻrdoqiga boqishga ixtisoslashgan kamida ikkitadan 300-500 boshga moʻljallangan zamonaviy komplekslarni;
ichki isteʼmol bozorini sifatli sut va sut mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, sut narxining barqarorligini saqlash maqsadida har bir tumanda kamida ikkitadan 250-300 boshga moʻljallangan sut yoʻnalishidagi korxonalarni tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqsin.
12. Agentlik, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat va tumanlar hokimliklari:
mazkur qarorning 23-ilovasiga muvofiq 2019-2021-yillarda chorva mollari bosh soni, goʻsht va sut ishlab chiqarish hajmini oshirish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlari bajarilishini taʼminlash;
chorvachilik xoʻjaliklaridagi mavjud chorva mollari uchun ajratilgan yer maydonlarini ikki oy muddatda xatlovdan oʻtkazsin va ulardan samarali foydalanishning holatini har bir xoʻjalik kesimida alohida oʻrganib chiqsin, oʻrganishlar natijasi boʻyicha mavjud shartli mol bosh soniga nisbatan tafovut aniqlanganda, ortiqcha yer maydonlaridan samarali foydalanish yuzasidan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Agentlik “Xalq banki”, “Aloqa bank”, “Oʻzsanoatqurilishbank” va “Ipotekabank” aksiyadorlik tijorat banklari bilan birgalikda chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va baliqchilik yoʻnalishidagi loyihalarni amalga oshirishni samarali tashkil etish boʻyicha doimiy hamkorlikda faoliyat olib borsinlar.
14. Agentlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda paxta va gʻalla ekin maydonlariga almashlab ekiladigan chorva ozuqasi uchun beda ekini toʻliq ekilishini tashkil etsin hamda yetishtiriladigan hosilni chorvachilik xoʻjaliklari va aholiga tizimli yetkazishni taʼminlasin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi nizomni;
“Oʻzbekchorvanasl” agentligi toʻgʻrisidagi nizomni;
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamgʻarmasining mablagʻlaridan foydalanish va shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Agentlik Toshkent shahri, Kichik halqa yoʻli koʻchasi, 21a-uy manziliga joylashtirilsin.
17. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Agentlikning hududiy boʻlinmalariga operativ boshqaruv huquqi asosida binolar ajratilishini taʼminlasin.
18. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimlari hamda Agentlik bosh direktori chorvachilik subyektlariga ajratilgan yer maydonlariga faqat chorva ozuqa ekinlari ekilishiga masʼul etib belgilansin.
19. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimlari yangidan tashkil etiladigan chorvachilik subyektlariga meʼyor boʻyicha ozuqa ekinlari ekish uchun yer maydonlari ajratib berilishiga shaxsan javobgar hisoblanadi.
20. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikki hafta muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hisob-kitoblariga asosan Agentlikni zarur mebel, kompyuter texnikasi va inventarlar bilan jihozlash uchun yetarli mablagʻlar ajratsin;
Agentlikka xizmat avtotransport vositalarini sotib olish uchun zarur mablagʻlarning ajratilishini taʼminlasin hamda Agentlik va uning hududiy boʻlinmalariga 16 ta xizmat yengil va 161 ta maxsus avtomobillarni saqlashga limit belgilasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan Agentlikni naslchilik ishi va sunʼiy urugʻlantirishni tashkil qilish maqsadida 24-ilovaga muvofiq zarur boʻlgan maxsus avtotransport va moddiy-texnika vositalari, shu jumladan, dyuar idishlari va boshqa zarur asbob-uskunalar bilan taʼminlash uchun talab etiladigan mablagʻlarni ajratsin;
ushbu qarordan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
21. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi PQ-4067-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilga moʻljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining 7-ilovasiga muvofiq joriy yilda Samarqand veterinariya institutining qurilishi tugallanmagan oʻquv binosi obyektini qurish va jihozlash ishlari oxiriga yetkazilishini taʼminlasin.
2020-yilda qurilishi rejalashtirilgan institut inshootlariga buyurtmachi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi belgilansin.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Agentlikni zarur aloqa vositalari, shu jumladan, hukumat aloqa vositalari bilan taʼminlasin.
23. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
24. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2019-yil 28-mart