O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
M.Yerniyazov: Kitob oʻqigan insonning aqli charxlanib, maʼnaviyati boyib, yetuklik sari ildamlayveradi
2019-04-01 | Ta’lim
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi M.Yerniyazov Kegeyli tumanidagi oʻzi tahsil olgan 1-umumtaʼlim maktabi kutubxonasiga oʻz hisobidan qariyb 200 nomdagi 500 donaga yaqin kitob sovgʻa qildi.
Tadbirda aholi, ayniqsa, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani, Prezidentimizning tashabbuslari bilan tashkil etilayotgan bu kabi ezgu ishlar yoshlar oʻrtasida kitobxonlik targʻibotini yanada kuchaytirishga, oʻquvchilarning yanada chuqur bilim olishiga, dunyoqarashini kengaytirishga, maʼnaviyatini yuksaltirishga, ularning kitob bilan oshno boʻlishiga katta hissa qoʻshishi taʼkidlandi.
Darhaqiqat, kitob — insonning erkin fikrlashi, dunyoqarashining kengayishi, aqlan yetuk boʻlishi, maʼnaviy dunyosining rivojlanishida asosiy oʻrinni egallaydi. Kitob oʻqigan insonning aqli charxlanib, maʼnaviyati boyib, yetuklik sari ildamlayveradi.
Shu maʼnoda bu tuhfa qilingan kitoblar albatta oʻqiladi, asrab-avaylanadi, eng zoʻr sovgʻa sifatida qadrlanadi. Zero, maʼnaviyatimiz chashmasi hisoblangan kitoblar xalqimiz hamda yoshlarni ezgulik va ulugʻ ishlarga chorlashga xizmat qiladi.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 19-mart kuni Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida kitob mutolaasiga qiziqishini oshirish masalasi keng muhokama qilingan edi. Shuningdek, yigʻilishda Prezidentimiz har bir rahbar oʻz shaxsiy kutubxonasidan oʻzi taʼlim olgan maktab kutubxonasiga kitoblar sovgʻa qilsa, bunday ezgu tashabbus kitobxonlikni rivojlantirishga xizmat qilishi, farzandlarimiz tarbiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatishini taʼkidlagan edi.
Joʻqorgʻi Kenges Raisi oʻtgan yili boʻlib oʻtgan “Eng yaxshi kitobxon” tanlovining respublika bosqichi gʻolibi, Prezident sovgʻasi — “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlangan tumandagi 9- ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi N.Kokanovaga qimmatbaho sovgʻa topshirdi.
Y.Qanoatov, M.Habibullayev (surat), OʻzA