O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turizm sohasida malakali kadrlarni tayyorlashda Oʻzbekiston va Germaniyaning taʼlim muassasalari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvga erishildi
2019-03-29 | Turizm
Bugungi kunda, Oʻzbekistonda mamlakatimizning turizm salohiyatini butunjahon sayyohlik markazi sifatida shakllantirishga qodir boʻlgan, turizm industriyasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan, oʻtgan yili Samarqand shahrida “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti ochilganligini alohida taʼkidlash joiz. Rivojlangan davlatlarning turizm sohasidagi yetakchi taʼlim muassasalari tajribasini joriy qilish maqsadida, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha faol ishlar olib borilmoqda.
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi delegatsiyasi Germaniyaga tashrifi davomida, “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti va Drezden amaliy fanlar universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Mazkur kelishuv doirasida, turizm sohasida qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish, oʻzaro amaliy tajriba almashish hamda koʻp tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, Drezden amaliy fanlar universiteti talabalari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi boshqarma boshligʻi U. Saidov Oʻzbekistonda turizm sohasida boʻlayotgan oʻzgarishlar, Yevropa mamlakatlari fuqarolari uchun viza rejimi yanada soddalashtirilishi va bekor qilinishi, shuningdek, Oʻzbekistonning boy madaniyati va tarixi haqida hamda yoshlar turizmini rivojlantirish, investitsiya kiritish uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida maʼlumot berdi.
Uchrashuv yakunida, Drezden amaliy fanlar universiteti talabalari Oʻzbekistonda turizmning yangi yoʻnalishlari, jumladan, togʻ, ekstremal va yoshlar turizmi boʻyicha katta qiziqish bildirishdi, shuningdek, Oʻzbekistonga sayyohlarni jalb qilish va turizmni rivojlantirish boʻyicha oʻzlarining amaliy takliflarini ilgari surishdi. Shu bilan birga, talabalar taʼtil davomida, mamlakatimizga tashrif buyurish istagi borligini taʼkidlashdi.
“Germaniyada Oʻzbekistonning turizm salohiyatini targʻib qilish boʻyicha marketing strategiyasini ishlab chiqish, qoʻshma tadqiqotlarda ishtirok etish hamda talabalar oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish masalalarida germaniyaliklar “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti bilan hamkorlik qilishga tayyor” – deydi Drezden amaliy fanlar universiteti rektori Kristof Shols.