O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

“Buxoro minorasi” turistik majmuasi ishga tushirildi

2019-03-27 | Turizm

“Bukhara tower” sayyohlarni chorlamoqda.

Buxoro shahridagi “Authentic Travel” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Suv minorasi” inshooti negizida “Buxoro minorasi” (Bukhara tower) turistik majmuasi ishga tushirildi.

“Suv minorasi” bundan 90 yil ilgari Buxoro shahrining bir qismini ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida rus muhandisi V.Shuxov loyihasi asosida barpo etilgan. Shaharning tarixiy markazida giperbolit shaklida metall konstruksiyalar asosida qurilgan minora oʻzining meʼmoriy yechimi bilan ajralib turadi. U 45 yildan koʻproq vaqt mobaynida aholiga xizmat qildi va keyinchalik madaniy meros obyekti sifatida roʻyxatga olindi.

Taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda undan turli maqsadlarda foydalanish boʻyicha koʻplab takliflar bildirilayotgan edi. Oʻzbekiston Respublika Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 6 martdagi “Moddiy-madaniy meros obyektlarini va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish va ularni zarur holatda saqlash boʻyicha investitsiya majburiyatlari olgan holda ijaraga berish tartibi toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida oʻtkazilgan tanlovda loyihalar orasidan eng munosibi tanlab olindi. “Authentic Travel” MCHJning turizm sohasini yanada rivojlantirish uchun investorlar va turistlar eʼtiborini jalb etadigan xizmatlar turini kengaytirishga qaratilgan loyihasi eʼtirof etildi. 

MCHJ va fransiyalik investor Uiterdiyklar oilasining umumiy qiymati 200 ming yevroga teng loyihasini 2018 yil iyul oyida amalga oshirishga kirishildi.

Inshootning oʻzagi va asosi toʻlaligicha saqlab qolingan holda poydevorini mustahkamlash maqsadida yer sathini pasaytirish va minora yuqori qismini gumbazsimon shaklda koʻtarish hisobiga uning balandligi 32 metrdan 40 metrga yetkazildi. Obodonlashtirish va xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish uchun obyekt hududi bir muncha kengaytirildi.

“Bukhara tower” – Buxoro minorasi” majmuasining ochilish marosimida Buxoro shahar hokimi K.Kamolov, Fransiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor xonim ishtirok etdi. Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish va undan samarali foydalanish borasida keng imkoniyatlar yaratilayotgani, bu xorijlik investorlar bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishda muhim omil boʻlayotgani taʼkidlandi.

– Buxoroga sayyoh sifatida bir necha bor kelgan edik, – deydi fransiyalik Teunis Uiterdiyk. – Bizga shaharning mehmondoʻst va samimiy insonlari, betakror va moʻtadil tabiati yoqdi. Qolaversa, Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish sohasida qator imtiyozlar yaratilgani ham bizni juda qiziqtirib qoʻydi. Shundan soʻng “Authentic Travel” MCHJ rahbari bilan hamkorlik qilishga kelishdik. Natijasi samarali boʻldi. Kelgusida Buxoroda fransuz taomlari tayyorlanadigan restoran ochmoqchimiz. Hozir ham “Buxoro minorasi” majmuasida fransiyalik oshpazlar mehnat qilmoqda.

“Bukhara tower” – “Buxoro minorasi” majmuasi atrofi oysimon shishali yengil konstruksiya bilan oʻralgan. Inshoot ichidan tevarak-atrof koʻrinib turadigan oynavandli lift ham bor. Binoga kirishingiz bilan Buxoro oʻtmishiga qisqa sayohat qilasiz: shaharning oʻtgan asr boshlaridagi suv taʼminoti, Shuxov suv minorasi bilan bogʻliq tarixiy foto suratlar, videolavha va tegishli hujjatlar bilan tanishasiz. Shuningdek, birinchi qavatda chiptaxona, doʻkon, sayyohlar uchun info-byuro, kafe va moʻjazgina restoran faoliyat koʻrsatadi.

Inshootning ikkinchi qavatida yana bir restoran joylashgan. Agar siz koʻhna shaharni balandlikdan kuzatmoqchi boʻlsangiz, uchinchi qavatdagi kuzatuv maydonchasida oʻrnatilgan durbindan foydalanishingiz mumkin.

– 2011 yilda turfirma sifatida boshlangan faoliyatimiz tobora rivojlanmoqda, – deydi “Authentic Travel” rahbari Suhrob Bobokalonov. – Ikki yil avval mehmonxona xizmatini ham yoʻlga qoʻydik. Xorijlik sayyohlar uchun mamlakatimizda bir oygacha vizasiz boʻlishi joriy etilgani bois turistlar oqimi koʻpaydi. Oʻtgan yilning oʻzida tashkilotimiz xizmatidan foydalanuvchilar soni uch barobar oshdi. Yangi loyihamiz tufayli sayyohlarni jalb qilish imkoniyati yanada kengayadi.

Bugungi kunda Buxoroda xorijiy investorlar ishtirokida va ular bilan hamkorlikda sayyohlik yoʻnalishidagi 10 dan ziyod korxona faoliyat koʻrsatmoqda.

 

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), OʻzA

Поделиться