O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Afgʻoniston delegatsiyasi Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi
2019-03-19 | Madaniyat
2019-yilning 17-mart kuni Balx viloyati gubernatorining oʻrinbosari Shujouddin Shujo boshchiligidagi Afgʻoniston Islom Respublikasining delegatsiyasi Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Afgʻoniston delegatsiyasi va u bilan birga kelgan Mozori-Sharif shahrida joylashgan Eron, Hindiston, Qozogʻiston, Rossiya, Tojikiston konsullik muassasalari rahbarlari Navroʻzga bagʻishlangan xalq saylida ishtirok etdilar.
Surxondaryo viloyati hokimi Bahodir Poʻlatov bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv chogʻida Afgʻoniston delegatsiyasi rahbari Shujouddin Shujo bayram tadbirlarida ishtirok etishga taklif etgani uchun Oʻzbekiston tomoniga samimiy minnatdorlik izhor etdi va Balx viloyati gubernatori Isʼhaq Rahguzarning qutlov va tabriklarini yetkazdi.
Mozori-Shahrif va Termiz shaharlarida oʻtkaziladigan “Navroʻz” bayramlarida Balx va Surxondaryo viloyatlari vakillarining ishtirok etish anʼanasi umumiy tarix, madaniyat, din va anʼanalarga ega ikki mamlakat va xalq oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash imkon beradi.
Afgʻoniston delegatsiyasi rahbari Oʻzbekistonda yuz berayotgan jadal oʻzgarishlar Balx viloyati rahbariyati va butun afgʻon xalqini hayratga solayotganini qayd etdi. Surxondaryo viloyatida qurilayotgan yangi turar-joy mavzelari, davlat muassasalari binolari va ijtimoiy-maishiy ahamiyatdagi obyektlar koʻlami mamlakatning barcha hududlarini rivojlantirish borasidagi Prezident Shavkat Mirziyoyevning eʼtibori va gʻamxoʻrligidan yana bir bor dalolat beradi.
Oʻzbekistonning Mozori-Sharif shahridagi Konsulxonasi maʼlumotlariga koʻra Termiz shahridagi uchrashuvda ikki mamlakat chegara hududlarida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ham muhokama qilindi.