O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Siyosiy partiyalarning hisobotlari eshitildi
2019-03-15 | Siyosat
2019 yil 14 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi.
Majlisda deputatlar siyosiy partiyalarning 2018 yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitdilar.
Taʼkidlab oʻtilganidek, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomalarida hamda Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalar asosida barcha siyosiy partiyalar oʻz ish rejalarini tubdan qayta koʻrib chiqib, faoliyatini yangicha ruhda davom ettirmoqda. Chunonchi, davlat ahamiyatiga molik eng muhim masalalarni hal etishda siyosiy partiyalarning roli sezilarli darajada kuchaydi, joylarda aholini oʻylantirib kelayotgan muammolarni oʻrganish va hal etish borasidagi ishlari faollashdi. Partiyalar elektoratini tashvishga solayotgan dolzarb masalalarni chuqur oʻrganish va ijobiy yechim topish yoʻllarini izlashga doir faoliyat tubdan oʻzgardi, bajarilayotgan ishlar tanqidiy jihatdan tahlil qilinmoqda. Norma ijodkorligi, ayniqsa, mamlakatni ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlantirishning hayotiy muhim masalalarini belgilab beruvchi, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonun loyihalarini ishlab chiqishga eʼtibor kuchaytirildi. Siyosiy partiyalar fraksiyalarining parlamentdagi roli va taʼsiri ortdi. Ularning tegishli vazirlik va idoralar faoliyati ustidan samarali parlament hamda deputatlik nazoratini oʻz fraksiyalari va hokimiyatning vakillik organlaridagi guruhlari orqali amalga oshirish funksiyalari mustahkamlandi.
“Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunga binoan, siyosiy partiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi deputatlik oʻrinlari soniga qarab, oʻz ustav faoliyatini moliyalashtirish uchun davlat tomonidan moliyalashtirish mablagʻlarini olish huquqiga ega.
Majlisda alohida qayd etilganidek, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida siyosiy partiyalarning roli tobora kuchaytirilishi ular faoliyatida moliyaviy intizomni yanada kuchaytirishga eʼtibor qaratishni talab qiladi. Bu, oʻz navbatida, siyosiy partiyalar tasarrufiga Davlat byudjetidan kelib tushadigan mablagʻlar xarajatlarini toʻgʻri rejalashtirish, maqsadli sarflashni taqozo etadi.
Shu bois, majlisda taʼkidlanganidek, siyosiy partiyalarning moddiy-moliyaviy hamda boshqa resurslari ularning dasturiy maqsad-vazifalarini amalda roʻyobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni jihatdan kelib chiqib, majlisda siyosiy partiyalar tomonidan 2018 yilda mablagʻlarning maqsadli sarflanishi hamda ularga doir hisobotlarning shaffof va ochiqligi qay darajada taʼminlangani masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, bu boradagi ishlar atroflicha tahlil qilindi.
Fraksiyalar aʼzolari taʼkidlab oʻtganidek, bugungi kunda Oʻzbekistonning barcha siyosiy partiyalarida nazorat-taftish komissiyalari samarali faoliyat yuritmoqda. Ular faoliyatining tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlari, jumladan, funksiyalari, vazifalari hamda huquq va majburiyatlari aniq belgilangan.
Deputatlar eshituv davomida bildirilgan fikrlarni inobatga olgan holda, siyosiy partiyalarning 2018 yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari toʻgʻrisidagi hisobotlarini maʼlumot uchun qabul qildilar.
Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.