O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Orolboʻyi xalqaro innovatsion markaziga yaponiyalik mutaxassislar tashrif buyurdi
2019-03-12 | Ekologiya
Joriy yilning 10 mart kuni Nukusdagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsion markazida Yaponiya delegatsiyasi vakillari – Kioto universiteti profescori, Suv resurslarini oʻrganish markazining mutaxassisiKenji Tanakani va Toxoku universiteti dotsenti, sunʼiy yoʻldosh kuzatuvi boʻyicha mutaxassis Yoshiya Toge bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Yapon delegatsiyasini Shoʻrlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazining Markaziy Osiyo vaKavkazorti davlatlari hududiy vakolatxonasi rahbari, professor Kristina Toderich qabul qildi.
Uchrashuv Shoʻrlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazining Markaziy Osiyo va Kavkazorti davlatlari hududiy vakolatxonasining dasturi doirasida Orolboʻyi xalqaro innovatsion markazining ishlab chiqarish maydonida boʻldi. Yaponiyalik mehmonlar Xalqaro innovatsion markazi koʻchatxonasida yetishtirilayotgan tuzga va qurgʻoqchilikka chidamli oʻsimliklar nihollarini koʻzdan kechirdilar.
Yaponiyalik olimlar Shoʻrlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazining Markaziy Osiyo va Kavkazorti davlatlari boʻyicha hududiy vakolatxonasi rahbari, professor Kristina Toderich ishtirokida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Jumladan, Moʻynoq tumanida gidrometeopost tashkil etish masalasi koʻrib chiqildi. Bundan tashqari, Orol dengizining qurib qolgan tubidagi shoʻr tuproqdan tuz va gerbetsidlarni chiqarib tashlashga yordam beruvchi texnologiyani yaratish hamda muqobil energiya hisobidan ishlovchi issiqxona qurish imkoniyatlari muhokama etildi.