O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Pokistonda Oʻzbekiston sayyohlik markazi ish boshladi
2019-03-06 | Turizm
Tadbirda taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston Pokiston uchun uzoq yillar davomida tarixiy sivilizatsiya oʻchogʻi boʻlgan Markaziy Osiyo bilan bogʻlovchi rishta boʻlib xizmat qilgan. Ushbu markaz Oʻzbekiston–Pokiston munosabatlarini rivojlanishiga xizmat qilibgina qolmasdan. Oʻz navbatida Pokiston boʻylab yurtimiz turistik salohiyatini keng yoyishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida Pokiston bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muntazam havo transport aloqasiga ega mamlakat hisoblanadi. Shuning uchun ham ushbu axborot markazi Pokiston–Markaziy Osiyo munosabatlarida mustahkam koʻprik boʻlishi bilan birga Pokiston boʻylab yurtimiz turistik salohiyatini keng yoyishda muhim ahamiyatga ega boʻlishiga ishonch bildirildi.
Tadbirda soʻzga chiqqan mamlakatimizning Pokistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Furqat Siddiqov “Oʻzbekiston sayyohlik axborot markazi” haqida soʻz yuritar ekan, yurtimizda har jabhada olib borilayotgan islohotlar, xususan, taʼlim muassasalari, biznes imkoniyatlari, mamlakat sanoati va sayyohlik imkoniyatlari haqida maʼlumot berib oʻtdi. Shuningdek, Oʻzbekiston Pokiston fuqarolarini yurtimizda taʼlim, biznes va turizm sohalaridagi faoliyatlarini olib borishlari uchun keng imkoniyatlar taqdim etishini taʼkidladi.
Pokiston tomoni esa ushbu markazning ochilishi Pokiston yoshlari uchun qulay imkoniyat boʻlishi hamda ikki davlat turistik aloqalarini rivojlanishi Pokistonliklarni oʻzlarining ildizlari va madaniyatini topish uchun Oʻzbekistonga safar qilishlari ahamiyatli ekanligi haqida taʼkidlab oʻtishdi.
Qayd etilganidek, joriy yilning mart oyidan eʼtiboran, FlyDubai aviakompaniyasi tomonidan Pokiston –Toshkent avia reysi yoʻlga qoʻyildi. Bu esa oʻz navbatida Toshkent bilan Pokistonning boshqa hududlari oʻrtasida aloqalarni rivojlanishiga xizmat qiladi.
Avval xabar berganimizdek, shu kunga qadar Lahor– Toshkent aviaqatnovi yoʻlga qoʻyilgan edi.