O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkent kimyo-texnologiya institutida Kopengagen universiteti professorlari ishtirokida kurs tashkil etildi
2019-03-05 | Fan
Toshkent kimyo-texnologiya institutida Kopengagen universiteti bilan imzolangan shartnoma asosida Yevropa Ittifoqining Erasmus+ ICM K107 kredit mobillik dasturi yordamida talabalar uchun qisqa kurs tashkil etildi.
Shu yilning 25-fevralidan boshlab institutda Kopengagen universitetining professori Soren Balling Engelsen hamda dotsentlar Sorensen Klavs Martin, Bekzod Xakimovlar tomonidan “Oziq-ovqat mahsulotlarni sifatini aniqlashda ekspress-tekshirish usullari” mavzusida mashgʻulotlar boshlandi.
Kopengagen universiteti professor-oʻqituvchilari tomonidan olib borilayotgan maʼruzalarda ishtirok etish va unda tezkor spektroskopik usullar boʻyicha laboratoriya ishlarini oʻrganish talabalar uchun yaratib berilgan qulay imkoniyatdir. Tezkor spektroskopik usullarni qoʻllash natijasida tahlil soniyalarda bajarilishi mumkin va bu usullarni nazorat qilish ham juda oson.
Daniyalik mutaxassislar tomonidan tashkil etilgan kurs ingliz tilida olib borilib, u oʻz ichiga 25 ta maʼruza, 20 amaliy va 8 soat laboratoriya mashgʻulotlarini oladi. Maʼruza davomida professorlar talabalarni oziq-ovqat sanoati sohasida eng zamonaviy asbob-uskunalar yordamida ishlashni oʻrgatdilar va spektroskopik tahlil qilishning asosiy tushunchalarini tanishtirib oʻtdilar.
Oʻquv kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan va oʻz keyslarini topshirgan talabalarga 5 ECTS kreditiga teng boʻlgan kurslarga qatnashganligi toʻgʻrisida sertifikat beriladi.