Qirgʻiziston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi I.Junusov boshchiligidagi delegatsiya Namangan viloyatida boʻldi.
Viloyat hokimligida oʻtkazilgan uchrashuvda ikki davlat rahbarlari tomonidan olib borilayotgan oqilona siyosat tufayli xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar mustahkamlanib borayotgani, bu savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi munosabatlarda ham aks etayotgani alohida taʼkidlandi.
Namangan viloyati hokimi X.Bozorov mazkur uchrashuv oʻzaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirish boʻyicha qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
– Oʻtgan yili Namangan viloyati va Qirgʻiziston Respublikasining Jalolobod viloyati vakillari oʻrtasida oʻzaro tashriflar tashkil etildi, – deydi elchi I.Junusov. – Bu hududlararo hamkorlik va doʻstlik aloqalarining yorqin ifodasi boʻldi. Biz bunday tashriflar muntazam boʻlishi va doʻstona aloqalar kengayishi tarafdorimiz.
2018 yil yakuniga koʻra, Qirgʻiziston Respublikasi bilan Namangan viloyati oʻrtasida savdo aylanmasi hajmi 12,1 million dollarni tashkil etdi. Ayni paytda viloyatda Qirgʻiziston sarmoyasi ishtirokida ikkita korxona faoliyat koʻrsatmoqda.
Uchrashuvda mehmonlarga viloyatning eksport salohiyati, tibbiyot va ziyorat turizmi sohasidagi imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.
Oʻzbekiston va Qirgʻiziston davlat chegaralaridagi “Uchqoʻrgʻon avtomobil yoʻllari”, “Kosonsoy avtomobil yoʻllari” oʻtkazish maskanlari faoliyatini tiklash, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha muzokaralar olib borildi.
Mehmonlar Namangan shahrining diqqatga sazovor joylari va zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari bilan tanishdi.
Akromjon Sattorov, Hotamjon Mamadaliyev (surat), OʻzA