O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
USIM Oʻzbekiston taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
2019-03-04 | Ta’lim
Oʻzbekistonning Kuala-Lumpur shahridagi Elchixonasi bergan maʼlumotga koʻra 2019-yilning 4-mart kuni Malayziya Islom ilmiy universiteti (USIM) rahbariyati va professor-oʻqituvchilari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
1998-yilda asos solingan davlat oliy taʼlim muassasasi USIMda 32 yoʻnalishda taʼlim beriladi. Bugungi kunda u yerda 15 ming atrofida talaba tahsil oladi.
Uchrashuv chogʻida USIM va mamlakatimiz taʼlim muassasalari oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi hamda bu kabi hamkorlikning samaradorligi alohida taʼkidlandi. Soʻnggi yarim yil ichida USIM bilan Urganch davlat universiteti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti oʻrtasida tadqiqotlarni birgalikda oʻtkazish sohasida, mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, studentlarni almashish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisidagi sherikchilik bitimlari imzolandi. Malayziya universiteti Oʻzbekiston Milliy universiteti va Buxoro davlat universiteti bilan ham hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan.
Natijada joriy yil yanvar oyida Oʻzbekiston Xalqaro islom akademiyasida va Urganch davlat universitetida Islom ilmiy universiteti yetakchi professorlarining islom huquqi va bankingi, turizm, menejment, AKT va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha leksiyalari tashkil etildi.
Oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va “visiting professors” shaklidagi amaliyotni davom ettirish maqsadida universitetning injeneriya va qurilish fakulteti dekanini Toshkent arxitektura-qurilish institutida mustahkam arxitektura mavzusida leksiyalar kursini oʻtkazishi uchun 2019-yil 27-martdan 11-aprelgacha Oʻzbekistonga yuborish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.