Joriy yilning 24-26 fevral kunlari Moskvada iqtisodiyot va sanoat, investitsiyalar va tashqi savdo, sogʻliqni saqlash, transport vazirliklari, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” va “Oʻzavtosanoat” aksionerlik jamiyatlari vakillaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi boʻldi. Bu haqida mamlakatimizning Rossiyadagi Elchixonasi axborot bermoqda.
Tashrifdan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida savdo, sarmoyalar, transport, sanoat hamkorligi va sogʻliqni saqlash sohasidagi aloqalarning zamonaviy holatini va istiqbollarini muhokama qilishdir.
Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiy rivojlanish vazirligida boʻlib oʻtgan uchrashuv chogʻida Rossiya Federatsiyasi Hukumati va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida imzolangan 2019-2024 yillarda Iqtisodiy hamkorlik dasturiga kiritilgan loyihalarning amalga oshirilishi jarayoni koʻrib chiqildi. Muzokaralarda rossiyalik sheriklarni Oʻzbekistonning Butunjahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishda koʻmagini jalb qilish masalasi ham muhokama qilindi.
RF Sanoat va savdo vazirligi vakillari bilan muloqotda ikki mamlakat xoʻjalik subyektlari oʻrtasidagi sanoat kooperatsiyasini kengaytirish uchun udkan imkoniyatlar mavjudligi eʼtirof etildi. Xususan, “Rostex” davlat korporatsiyasi tarkibiga kiradigan kompaniyalar bilan hamkorlikda hayotga tadbiq qilinayotgan loyihalar batafsil muhokama qilindi. Rossiyalik hamkorlar eʼtiboriga birgalikda amalga oshirish uchun yangi investitsion takliflar taqdim etildi.
Umumrossiya tashqi savdo akademiyasi rahbariyati bilan uchrashuvda iqtisodiyotning turli tarmoqlari, shu jumladan, savdo va sanoat uchun mutaxassislar tayyorlash boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish imkoniyat koʻrib chiqildi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi “Rosavtotrans” agentligi, “Rossiya temir yoʻllari” OAJ, “RT-Invest Transport tizimlari” MCHJ va “GLONASS” AJ vakillari bilan ham muzokaralar oʻtkazdi. Oʻzbekiston delegatsiyasi, shuningdek, “Skolkovo” texnoparkiga tashrif buyurib, bu yerda startaplar, tibbiyot klasterlarini tashkil etish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, muvaffaqiyatli texnologik kompaniyalarni ishga tushirishga yordam beradigan tamoyillar bilan batafsil tanishdi.