O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

BMT Taraqqiyot dasturi doimiy vakili Qoraqalpogʻistonda

2019-03-01 | Jamiyat

BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Levan Buadze boshchiligidagi delegatsiya ikki kunlik safar bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrif buyurdi.

Delegatsiya aʼzolarini qabul qilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Yerniyazov mehmonni hududga tashrifi bilan qutlab, BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan Orol inqirozi oqibatidan jabr koʻrgan odamlarning yashash sharoitini yaxshilash borasida koʻrsatilayotgan koʻmak uchun minnatdorlik bildirdi.
 
Uchrashuvda istiqboldagi hamkorlik masalasi muhokama qilindi.
 
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati va BMTning Iqlim oʻzgarishi toʻgʻrisidagi hadli konvensiyasi Moslashish jamgʻarmasi hamkorligida “Oʻzbekistonning qurgʻoqchil tumanlarida joylashgan fermer va dehqon xoʻjaliklarida iqlim barqarorligini taʼminlash” qoʻshma loyihasi ishlab chiqilgan. 2015-2020 yillarga moʻljallangan loyihaning maqsadi mamlakatimiz qurgʻoqchil hududlarida iqlim oʻzgarishiga chidamli dehqonchilik va chorvachilik xoʻjaliklari yaratishdan iborat. Bugungi kunda ushbu loyiha doirasida Qoraqalpogʻistonda qurgʻoqchilik yuzaga kelishi xavfini kamaytirishga qaratilgan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
 
Uchrashuvdan soʻng mehmonlar loyihaga koʻra, yaylovlarni rivojlantirish boʻyicha tashkil etilgan ishlab chiqarish subyektlariga qishloq xoʻjaligi texnikalarini topshirish marosimida ishtirok etdi. Taʼkidlash kerakki, bugungi kunda Qoraqalpogʻistonda yaylovlarni samarali boshqarish va degradatsiyaga uchragan yerlarni yaxshilashga yoʻnaltirilgan 10 ta ana shunday faoliyat turi tashkil qilingan.
 
Topshirilgan texnikalarning bir qismi BMTning Taraqqiyot dasturi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi qoʻmitasi oʻrtasida imzolangan memorandumga muvofiq xarid qilingan. Bu kabi texnikalar Orol dengizining qurigan tubida koʻchat ekish, meliorativ tadbirlar olib borish, yaylovlar unumdorligini oshirishga xizmat qiladi.
 
Mehmonlar Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali qoshida tashkil etilgan maslahat-maʼlumot markazida ham boʻldi. Zarur moddiy-texnik vositalar bilan taʼminlangan ushbu markaz mutaxassislari fermer va dehqonlar tajribasini, bilimini oshirish, shuningdek, sohaga tatbiq etilayotgan zamonaviy uskuna va texnologiyalardan foydalanish boʻyicha maslahat berib kelmoqda.
 
Markaz namlik, tuproq shoʻrligini oʻlchash uskunalari, kerakli ofis uskunalari, maxsus mavzular boʻyicha tematik qoʻllanmalar bilan taʼminlangan. 2018 yilda hududdagi 3 ming 211 fermer, dehqon va uy-joy mulkdorlariga markaz tomonidan maslahat xizmatlari koʻrsatildi.
 
Shuningdek, Kegeyli agrosanoat kasb-hunar kolleji qoshida tashkil etilgan issiqxona xoʻjaligining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Issiqxona nafaqat kollej oʻquvchilariga, balki qishloq aholisi, jumladan, fermer va dehqonlarga ham tomchilatib sugʻorish tizimini qoʻllash usullarini oʻrgatish imkonini beradi. Bu tajribani aholi orasida keng targʻib qilish koʻzda tutilgan.
 
Delegatsiya aʼzolari Taxtakoʻpir tumani “Davqara” va “Atakoʻl” qishloq fuqarolar yigʻinlaridagi aholiga toza ichimlik suvi yetkazib beruvchi punkt ishga tushirilishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ham ishtirok etdi. Shundan soʻng mehmonlar “Aydin jol” ovul fuqarolar yigʻinidagi “Tkachixa-Taxta” tikuv sexi faoliyati bilan tanishdi.
 
BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi Levan Buadze Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davomida Moʻynoq va Shumanay tumanlarida ham boʻlib, qator loyihalar bilan tanishdi.
 

Yesimxon Qanoatov, Maqsad Habibullayev (surat), OʻzA

Поделиться