O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Oliy Majlis Senati qo‘mitalarining majlislari bo‘lib o‘tdi

2019-02-28 | Jamiyat

2019-yil 27-fevral kuni Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va komissiyasining majlislari bo‘lib o‘tdi. Ularda parlament yuqori palatasining o‘n sakkizinchi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan masalalar muhokama qilindi.

Qo‘mita majlislarida ta’kidlanganidek, Senatning yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasining qonunlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar va o‘zgarishlarlarning samaradorligini ta’minlashga, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini ijro etishga qaratilgan.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Senat qo‘mitalarining tegishli qarorlari qabul qilindi. 

Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining  majlisida “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Moliya vazirligi tomonidan ijro etilishini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Unda Qo‘mita a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Ta’kidlanganidek, sug‘urta faoliyati moliya bozorining bir qismi sifatida mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojida muhim o‘rin tutadi. Aynan shu boisdan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini   rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida sug‘urta xizmatlari hajmini ularning yangi turlarini joriy qilish va sifatini oshirish hisobiga kengaytirish asosiy vazifalar qatorida belgilangan. Shuningdek, 2019-yil “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida Sug‘urta bozorini isloh qilish va jadal rivojlantirish vazifalari qo‘yilgan.

“Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 10-moddasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mamlakatda sug‘urta faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish uchun belgilangan maxsus vakolatli organ hisoblanadi. Ushbu vazifalar vazirlik qoshida tuzilgan Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta nazorati davlat inspektsiyasi orqali amalga oshiriladi.

Bugungi kunda respublikada sohaning turli yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatayotgan 30 ta sug‘urta kompaniyasi mavjud bo‘lib, ular tomonidan 2018-yil mobaynida to‘langan sug‘urta to‘lovlari hajmi 461,1 mlrd. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 71 foizga oshgan. Sug‘urta kompaniyalarining investitsiyalari hajmi 2 trln. so‘mni tashkil etdi va bu o‘tgan yilga nisbatan 35 foiz ko‘paygan.

Shu bilan birga, o‘rganish jarayonida “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ijro etilishini ta’minlashda   kamchilik va muammolar mavjudligi aniqlandi.

Ta’kidlanganidek, buning asosiy sabablaridan biri “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijrosi uchun maxsus vakolatli organ bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Qonun talablarining to‘liq bajarilishini ta’minlashga erishilmasdan qolayotganligidir.  Ijro etilishi majburiy bo‘lgan to‘lovga qobiliyatlilik normativlarini hamda ularni aniqlash tartibiga oid zarur me’yorlarni ishlab chiqish, sug‘urta bozori professional ishtirokchilarining sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etishlari hamda to‘lovga qobiliyatlilikning belgilangan me’yorlari va moliyaviy barqarorlikning boshqa talablari bajarilishini nazorat qilish shular jumlasidan.

Buning oqibatida sug‘urta tashkilotlarining sug‘urtalash jarayonida sug‘urtalanuvchilar yoki sug‘urta ob'yektlariga nisbatan noqonuniy talablar qo‘yish orqali ob'yektni sug‘urtalash holatlarining uchrayotganligi to‘g‘risida haqli e’tirozlar bildirilmoqda. Mavjud muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilmaganligi sababli respublikada bozor tamoyillari asosida sug‘urta bozorining jadal rivojlanishi ta’minlanmagan, aholi va tadbirkorlik sub'yektlarining sug‘urta bozoriga nisbatan ishonchi past darajada qolmoqda.

Majlisda mamlakat sug‘urta tizimidagi mavjud muammolarni bartaraf etish, ushbu sohani yanada rivojlantirish borasida bir qator asosli taklif va tavsiyalar bildirildi. Bunda, avvalo, qonunchilik bazasini takomillashtirish, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunini yangi tahrirda, “Majburiy va davlat majburiy sug‘urtasini amalga oshirish to‘g‘risida”gi va “Sug‘urta vositachilari to‘g‘risida”gi qonunlarni ishlab chiqish lozimligi qayd etildi.

 Shuningdek, sug‘urta bozori barqarorligi va ishonchliligini ta’minlash, mavjud korruptsiya holatlarini bartaraf etish bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish, sug‘urta faoliyati sohasidagi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish kabi jihatlarga urg‘u berildi.

Majlisda muhokama qilingan masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasining  tegishli qarori qabul qilindi.

Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining bo‘lib o‘tgan majlisida “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning Toshkent viloyatida ijro etilishi holatini o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi.

Unda qo‘mita va ishchi guruh a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Majlisda sog‘liqni saqlash, maktabgacha ta’lim va xalq ta’limi vazirliklari rahbarlarining axborotlari eshitildi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda respublikamizda 608528 nafar nogiron bo‘lsa, ularning 47598 nafari (8 foizi) Toshkent viloyatida istiqomat qiladi. So‘nggi ikki yil mobaynida Toshkent viloyatida nogironlarning soni 5,8 foizga ortgan.

Shuningdek, viloyatda 24 ta ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasida nogiron hisoblangan 2602 nafar bola, 12 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatda esa 2 303 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda.

Majlisda nogironlarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha Toshkent viloyatida qator ishlar amalga oshirilganligiga qaramay, sohada qator kamchilik va muammolar mavjudligi qayd etildi.

Jumladan, Qonunning 10-moddasida aholiga transport xizmati ko‘rsatishni amalga oshiruvchi tashkilotlar tegishli ob'yektlarni nogironlarning to‘sqinliksiz kirishi imkonini beruvchi maxsus moslamalar bilan jihozlashni ta’minlash belgilangan bo‘lishiga qarmasdan viloyatda bekatlar, svetoforlar va piyodalar yo‘lakchalarini maxsus moslamalar bilan jihozlash bo‘yicha hech qanday ishlar amalga oshirilmagan.

Shu bilan birga, mas’ul davlat organlari o‘rtasida nogironlar to‘g‘risidagi statistik ma’lumotlarni yuritish mexanizmi takomillashmagan, vazirlik va idoralarning yagona ma’lumotlar bazasi yaratilmagan. Masalan, Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, 2019-yil 1-yanvar holatiga Toshkent viloyatida 47598 nafar nogiron bo‘lsa, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining ma’lumoti bo‘yicha - 48225 nafar, Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumoti bo‘yicha esa - 55430 nafar nogiron mavjud.

Nogironlarning bandligini ta’minlash ishlari ham o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, bu borada aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilmagan.

Xususan, nogironlarning bandligini ta’minlash maqsadida 2018-yil davomida Bandlikka ko‘maklashish markazlariga viloyat Tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyasi (TMEK) tomonidan jami 1109 ta tavsiya berilgan bo‘lsa-da, ularning bor yo‘g‘i 56 nafari (5 foizi) ishga joylashgan, xolos.

Nogironlarni reabilitatsiya texnik vositalari va protez-ortopedik mahsulotlar bilan ta’minlash ishlari yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan. Ushbu mahsulotlar bilan nogironlarni ta’minlash darajasi o‘rtacha 35 foizni tashkil etmoqda.

Misol uchun, 2018-yil davomida viloyat TMEK tomonidan 661 nafar nogironga nogironlik aravasi zarurligi haqida xulosa berilgan bo‘lsa-da, ularning faqat 277 nafari nogironlik aravalari bilan ta’minlangan.

Ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchi turli toifadagi nogiron bolalar uchun ularning yoshi, aqliy, psixologik va fiziologik rivojlanish davriga moslashtirilgan o‘quv dasturlari, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va ularga tavsiyalar hamda ta’lim berishning texnik shakllari ishlab chiqilmagan.

O‘n bir yillik ta’limga o‘tilishi munosabati bilan ixtisoslashtirilgan maktablarda sinf xonalarining yetishmasligi holati yuzaga kelmoqda. Xususan, Yangiyo‘l shahridagi 11-sonli ixtisoslashtirilgan yordamchi maktabda kelgusi o‘quv yilidan boshlab 10 va 11-sinflarning ochilishi rejalashtirilayotganligi sababli o‘quv xonalarining yetishmasligi muammosi mavjud. Maktab nogiron o‘quvchilarni asosan kasb-hunarga o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan bo‘lishiga qaramasdan, muassasaning mehnat ta’limiga yo‘naltirilgan binosi avariya holatiga tushib qolgan.

Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar o‘quv darsliklari bilan yetarli darajada ta’minlanmagan. Natijada maktablarda umumta’lim maktablari uchun mo‘ljallangan darsliklardan foydalanilmoqda. Jumladan, ta’lim rus tilida olib boriladigan 9-10-sinf o‘quvchilari uchun “Davlat va huquq asoslari” hamda “Iqtisodiy bilim asoslari” darsliklari umuman nashr etilmagan.

Ko‘rib chiqilgan  masala yuzasidan Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Поделиться